Avval xabar berganimizdek, “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida davlatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri davom etmoqda.

Davlatimiz rahbari bayram tadbirida bu yil bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Prezident saylovining ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

– Shu yil 24 oktyabr kuni mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. So‘nggi besh yil mobaynida mamlakatimiz milliy saylov qonunchiligida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Nufuzli xalqaro ekspertlar ta’kidlaganidek, yangi O‘zbekistonda saylov qonunchiligini izchil takomillashtirish hamda saylovlarni o‘tkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarildi.

Bu galgi Prezident saylovlari ilk bor 2019 yilning 25 iyunida qabul qilingan Saylov kodeksi asosida bo‘lib o‘tadi. Bu saylov barchamiz uchun O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyoti qanday yo‘ldan boradi, farzandlarimiz, oilamiz, mamlakatimiz kelajagini qanday barpo etamiz, degan hal qiluvchi savollarga javob beradigan g‘oyat muhim siyosiy tadbirdir, – dedi Prezidentimiz.

Tantanali bayram tadbiri davom etmoqda.

O‘zA