Davlatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda so‘nggi yillarda qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
– 2017-2020 yillarda mamlakatimizning iqtisodiy o‘sish darajasi 18,3 foizni tashkil etib, yalpi ichki mahsulot 60 milliard dollarga yetdi.
Bu haqda gapirganda, tashqi savdo aylanmasi 2016 yildagi 24 milliard dollardan 2020 yilda 36 milliard dollarga ko‘payganini ta’kidlash lozim.
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 369 trillion so‘mni tashkil qilib, 2016 yilga nisbatan 23,4 foizga o‘sdi. Natijada sanoat mahsulotlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 19,5 foizdan 27,4 foizga ko‘tarildi. Iqtisodiy sohani, jumladan, bojxona tartiblarini liberallashtirish tufayli 2020 yilda eksport hajmi 15,1 milliard dollarni tashkil qilib, 2016 yilga nisbatan 25 foizga o‘sdi.
Islohotlarimiz samarasining turli xalqaro reytinglarda tan olinishi mamlakatimiz uchun xalqaro moliya bozorlariga chiqish imkoniyatini yaratdi.
Jumladan, joriy yilda 635 million dollarlik va 2,5 trillion so‘mlik davlat yevroobligatsiyalari, Ipoteka bankining 785 milliard so‘mlik va “O‘zavtomotors” aksiyadorlik jamiyatining 300 million dollarlik korporativ obligatsiyalari chet el investorlariga sotildi.
Sarmoyadorlarning mamlakatimiz iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonchini keskin oshirishga muvaffaq bo‘ldik. Investitsiyalarning umumiy hajmi qisqa muddatda 2,1 martaga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar hajmi 3 barobarga yaqin o‘sgani ham buning isbotidir. O‘tgan uch yil mobaynida soliq sohasida yangi tizim joriy etildi. Soliqlar soni sezilarli darajada kamaytirildi, aylanma mablag‘dan olinadigan soliqlar bekor qilindi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirilib, ushbu soliq занж́ирининг yaxlit tizimi yaratildi. 2017-2020 yillarda banklarimiz kapitalini 5,7 baravar yoki 5 milliard dollargacha oshirishga erishdik.
Elektroenergetika, neft-gaz, kommunal sohalarda amalga oshirilgan tarkibiy o‘zgarishlar natijasida davlat boshqaruvi va xo‘jalik funksiyalari bir-biridan ajratildi, raqobat muhitini yaratish uchun muhim qadamlar tashlandi.
Ayni paytda yangi-yangi infratuzilma tarmoqlari barpo etildi. Minglab kilometr uzunlikdagi yangi yo‘llar, elektr va gaz tarmoqlari qurildi va ta’mirlandi.
Jamoat transporti izchil rivojlanmoqda. Jumladan, Toshkent shahrida 2 ta yangi metro stansiyasi hamda qariyb 12 kilometrlik yer usti metro liniyasi foydalanishga topshirildi. “Sergeli” yo‘nalishi bo‘yicha 6,2 kilometrlik qurilish ishlari yakunlandi, – dedi davlatimiz rahbari.
Tantanali bayram tadbiri davom etmoqda.
O‘zA