Poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” majmuasidagi amfiteatrda Mustaqilligimizning 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram shodiyonalari boshlandi.

Unda senatorlar, deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari mas’ullari, ilm-fan, madaniyat sohasi fidoyilari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bayram nutqini so‘zlamoqda.

Mustaqillik bayrami – bu qutlug‘ kun shukuhi necha yil o‘tsa hamki qadrini yo‘qotmaydi. Tiriklik qadar mangu davom etadi. Xalqimizning, ota-bobolarimizning ko‘p yillik orzusi ushalganiga – Vatanimiz ozodlikni qo‘lga kiritganiga ham 30 yil bo‘ldi. Mustaqil o‘tgan yillar sarhisobi behisob va mazmunli. Birgina keyingi, xususan, 2021 yilda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ko‘lami ham g‘oyat kengdir.

– Ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi jonajon Vatanimiz istiqlolining shonli o‘ttiz yillik to‘yini zo‘r shodu xurramlik bilan nishonlamoqda. “Yangi O‘zbekiston” deb nom olgan mana shu muazzam bog‘da biz bugun birinchi marta Mustaqillik bayramini o‘tkazmoqdamiz. Shu munosabat bilan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklab, o‘zimning samimiy va ezgu tilaklarimni bildiraman, – dedi davlatimiz rahbari.

Tantanali bayram tadbiri davom etmoqda.

O‘zA