bugungi videoselektor yig‘ilishida qayd etilishicha, Guliston shahrida barcha ko‘p yillik daraxtlar xatlovdan o‘tkazilib, ularning pasporti qilingan.

Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev shu boradagi tajriba haqida so‘zlab berdi.

Prezident Ekologiya qo‘mitasi va Kadastr agentligiga yil yakuniga qadar daraxtlarni bino va inshootlar mulkdorlariga biriktirish va kadastr pasportini taqdim etish tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Yana bir masala, daraxtlarni kesishga moratoriy 2024 yilga qadar uzaytiriladi va javobgarlik keskin kuchaytiriladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 6 oyda 316 ming dona qimmatbaho daraxt asrab qolingan. Biroq, shunga qaramasdan, o‘tgan davrda 2,8 mingta qimmatbaho va 2 mingdan ziyod kam qimmatli daraxt noqonuniy kesilgan. Jumladan, bunday holatlar Surxondaryo, Jizzax, Xorazm, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahrida eng ko‘p qayd etilgan.

Shu bois, Toshkent shahri va viloyat markazlarida “ekologiya politsiyasi” tashkil etiladi. Uning zimmasiga ekologiya sohasidagi qonunbuzarliklar, jumladan, daraxtlarni ruxsatsiz kesish, brakonerlik, noqonuniy chiqindilar tashlash kabi holatlarga qarshi profilaktika vazifalari yuklatiladi.

“Ekologiya politsiyasi” Ichki ishlar tizimida faoliyat yuritadi,

uning faoliyati o‘zi aniqlagan huquqbuzarliklardan undirilgan jarimalar hamda mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtiriladi.

Ushbu yangi tizim faoliyatini yil yakuniga qadar yo‘lga qo‘yishga ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev shaxsan mas’ul bo‘ladi.

Shu bilan birga, ekologiya sohasida qo‘llaniladigan jarimalar miqdori 5 baravar, yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya miqdori 2 baravar oshiriladi.

– Barcha rahbarlar bir narsani aniq eshitib olsin. Bundan buyon birorta yashil hudud va jamoat parkida har qanday daraxtlarni kesish qat’iyan taqiqlanadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

O‘zA