Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Qayd etilganidek, Toshkent shahri tumanlari, viloyat markazlari va yirik shaharlarda daraxtlar va ekinlar mahalliy iqlimni inobatga olmasdan, pala-partish ekilayotgani bois kundan-kunga qurib borayapti.
– Tuman hokimlari obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygan. Qani tuman hokimi, qani sektor rahbari? Shu bois, viloyat hokimlari bir oy muddatda Qashqadaryo va Samarqand tajribalarini barcha hududlarda joriy etsin. Viloyat hokimlari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birga ushbu tizimni amaliyotga joriy qilishga mas’ul bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Toshkent shahri hokimiga yuzlanib, yashil maysazorlar bizning iqlim sharoitda o‘zini oqlamagani, juda ko‘p suv isrof bo‘layotgani, shu bois bu masalada optimal takliflarni berish zarurligini ta’kidladi.
Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayev mavzu bo‘yicha taqdimot qildi.
Uning qayd etishicha, ichimlik suviga hisoblagichlar o‘rnatilgandan so‘ng daraxtlarni sug‘orish kamayib ketgan. Oqibatda o‘tqazilgan ko‘chatlar nobud bo‘lmoqda. Ushbu muammoning oldini olish uchun poytaxt tuman va mahallalarida daraxtlar va maysazorlarni sug‘orish uchun skvajinalar quduqlar qaziladi. Bu ham Toshkent shahrida yashil maydonlar va daraxtzorlarni saqlab qolish va parvarishlashda yangi yondashuv bo‘ladi.
O‘zA