Xabar qilganimizdek, ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Davlatimiz rahbari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi va viloyat hokimlari quyidagi yo‘nalishlarda tizimli ishlarni tashkil etishi zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

Birinchidan, oktyabr-noyabr oylarida 55 million dona, kelgusi yil bahor mavsumida avtomobil yo‘llari, dala chetlari, barcha aholi maskanlarida 70 million dona tut, pavlovniya, mevali va manzarali daraxtlar, shuningdek, tez o‘suvchi va boshqa ko‘chatlarni ekishi shartligi qayd etildi.

Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Jizzax va Surxondaryo – 11 milliondan, Andijon, Buxoro, Navoiy, Samarqand va Farg‘ona – 10 milliondan, Namangan, Toshkent viloyati va Xorazm – 9 milliondan, Sirdaryo – 7,5 million, Toshkent shahrida– 1,1 million tup ko‘chat ekilishi zarur.

Prezident Chiroqchi tumanidan o‘tuvchi “Samarqand – Qarshi” magistral yo‘lining 35 kilometr uzunlikdagi qismining har ikki tomonida tomchilatib sug‘orish yo‘li bilan 30 ming tup manzarali daraxt ekilganini qayd etdi. Ushbu daraxtlarni parvarishlash uchun Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan 140 nafar mahalliy aholi jalb qilingan. Natijada 90 foiz ekilgan daraxtlar ko‘kargan.

Shuningdek, Samarqand shahridagi 75 kilometr shahar irrigatsiya tizimini qayta tiklash orqali so‘nggi 2 yilda daraxtlarning qurib qolishi 90 foizga kamaygan hamda shahardagi havo harorati 2 darajaga pasaygan.

Lekin, boshqa hududlarda ekilayotgan daraxtlar parvarish qilinmagani yoki sug‘orish tizimi izdan chiqqani bois, 60-70 foiz daraxtlar qurib qolmoqda. Misol uchun, Nukus shahrida – 70 foiz, Navoiy shahrida – 65 foiz, Namangan va Farg‘ona shaharlarida – 60 foiz irrigatsiya tarmoqlari ishdan chiqqan.

 

O‘zA