Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida qayd etilishicha, so‘nggi 4 yilda sanoat korxonalari 2 baravarga ortib, shaharlarda chang-gaz miqdori me’yordan 4 baravar oshgan.

Atmosferaga tashlanmalarning 90 foizi Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Qo‘qon, Navoiy, Buxoro, Chirchiq, Angren, Olmaliq, Bekobod, Guliston va Nukus shaharlariga to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga, hududlarda yashil maydonlar 3-4 baravarga qisqarib, o‘rtacha 8 foizdan kamayib ketgan (30 foiz bo‘lishi kerak). Bu ko‘rsatkich Jizzax va Buxoroda – 8,5 foizdan, Toshkent shahrida – 9 foiz, Sirdaryo va Xorazmda – 11 foizdan.

Yer usti va osti suv sathining keskin pasayishi ham ekologik vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Misol uchun, Toshkent shahrida yer osti suv sathi – 7 metrgacha, Jizzax shahri va G‘allaorolda – 4 metrga, Chirchiq konida – 8 metrga, O‘sh-Aravan konida – 10 metrga, Shahrisabz konida – 14 metrgacha tushib ketgan.

Bundan tashqari, hududlarda maishiy chiqindilarni xususiy sheriklik asosida boshqarish bo‘yicha 62 ta loyihadan bor-yo‘g‘i 15 tasiga tadbirkor jalb qilingan. Bu borada Buxoro, Namangan, Farg‘onadan tashqari, boshqa birorta hududda ishlar yakuniga yetkazilmagan.

 

O‘zA