Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva olib borgan majlisda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida 2021 yilning 1-yarmida amalga oshirilgan ishlar, ko‘rilgan choralar hamda ushbu yo‘nalishlarda hali o‘z yechimini kutayotgan masalalar muhokama qilindi.

O‘tgan davr mobaynida sohada milliy qonunchilik asoslarini takomillashtirish jarayoni izchil davom ettirildi. Xususan, 2 ta qonun, Prezident farmoni va Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etildi. Xalqaro mehnat tashkilotining “Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashish asoslari to‘g‘risida”gi konvensiyasi (Jeneva, 2006 yil 15 iyun) ratifikatsiya qilindi. O‘zbekistonda ilk marotaba odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni milliy darajada qayta yo‘naltirish tizimi joriy qilindi.

Yig‘ilishda odam savdosi jabrdiydalariga yordam ko‘rsatish, ularni reabilitatsiya qilish, shuningdek, xorijdagi fuqarolarimiz manfaatlarini himoyalash masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Odam savdosidan jabrlangan, uzoq muddat xorijda bo‘lib qaytgan va deportatsiya qilingan ayollarga har tomonlama yordam ko‘rsatilgani ta’kidlandi.

E’tiborli jihati, mamlakatimizda odam savdosi, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham keng e’tirof etilmoqda. Jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa Ittifoqi, AQSH Davlat departamenti, Mehnat vazirligi ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni munosib baholamoqda.

AQSH Davlat departamentining yillik hisobotidagi tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish masalalari ham muhokama qilinib, bu borada tegishli “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishildi.

Shuningdek, yig‘ilishda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z yechimini kutayotgan masalalarga e’tibor qaratildi. Ayrim mahalliy ijro hokimiyati organlari, vazirlik va idoralarning quyi tuzilmalari rahbarlari tomonidan majburiy mehnatga jalb qilish holatlari hali- hamon kuzatilayotgani tanqid qilindi.

Misol uchun, hisobot davrida Mehnat inspeksiyasi tomonidan joylarda xodimlarni o‘z funksional vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb etish bo‘yicha 41 ta holat aniqlangan. Sohalar bo‘yicha aytganda, majburiy mehnat holatlarining aksariyati xalq ta’limi, bank-moliya, tibbiyot, transport va obodonlashtirish tarmoqlarida uchramoqda.

Yig‘ilishda joriy yilgi paxta yig‘im-terim mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, mehnat munosabatlarini to‘g‘ri rasmiylashtirish, terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar ham muhokama qilindi.

O‘z navbatida, joylarda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha hududiy komissiyalar hisobotlari eshitildi.

Kun tartibida muhokama qilingan masalalar yuzasidan Milliy komissiyaning tegishli qarori qabul qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

 

N.Nasriyev, O‘zA