2021 yil 31 iyul kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda Hukumat a’zolari va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Yalpi majlisni Senat Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis ishi Senatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirda namoyish etildi.

Dastlab senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning kesilishiga doir masala yuzasidan axborotini eshitdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi
PF-6155-sonli Farmoni bilan respublika hududida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriyning amal qilish muddati 2021 yil 31 dekabrga qadar uzaytirilgan.

Shu bilan birga, hududiy ekologiya va atrof -muhitni muhofaza qilish organlarining davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish to‘g‘risidagi xulosalariga qaramay, mahalliy hokimiyat organlari tomonidan daraxt va butalarni kesishga noqonuniy ruxsat berilishi kuzatilayotgani qayd etilgan.

Mazkur masala keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalarining e’tirozlarini keltirib chiqarmoqda. Jumladan, 2021 yil o‘tgan davri mobaynida elektron ommaviy axborot vositalarida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar kesilishiga doir 41 ta material e’lon qilingan.

Qayd etilganidek, 2021 yilning birinchi yarim yilligida respublikada daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 2 597 ta huquqbuzarlik sodir etilgan va o‘simlik dunyosiga 6,7 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Achinarlisi, aniqlangan huquqbuzarliklar natijasida 2 407 ta qimmatbaho navli daraxt, 2 109 ta kam qimmatli daraxt, 1744 m3 butalar noqonuniy kesilgan.

Bu borada daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi va shikastlantirilishi bilan bog‘liq holatlar eng ko‘p Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

bugungi kunda daraxtlarning xatlovi har besh yilda bir marta o‘tkaziladi, bu respublikada o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar kesilishi bilan bog‘liq holatlarning ko‘payishiga hamda aniq statistik ma’lumotlar yuritilmasligiga sabab bo‘lmoqda.

Majlisda senatorlar tomonidan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning kesishning oldini olish, atrof-muhit va ekologiyani asrab-avaylash, jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘luvchi bu holatlarning oldini olish maqsadida tizimli ishlarni tashkil etishga qaratilgan tadbirlarni yanada kuchaytirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonunni ko‘rib chiqdi.

bugungi kunda seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi munosabatlar 20 ga yaqin qonunosti hujjatlar bilan tarqoq holda tartibga solinadi va mazkur yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan barcha tadbirlar qonunchilikda nazarda tutilmagan.

Shuning uchun respublika aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi yagona huquqiy normalarni joriy qilish zarur.

Yuqorida qayd etilganlarni hisobga olib hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonuni ishlab chiqildi.

Hujjat bilan davlat organlarining, xususan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda Mahalliy davlat hokimiyati organlarining seysmik xavfsizlikni ta’minlash borasidagi asosiy vakolatlari belgilanmoqda. Seysmik xavfsizligi ta’minlanadigan ob’ektlarning tasnifi hamda binolar va inshootlarning seysmik mustahkamlik bo‘yicha tekshirish, shuningdek zilzilalarning sodir bo‘lish ehtimolini aniqlash tartibi ham belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Qonun bilan kuchli zilzila oqibatlarini bartaraf etish, kuchli zilzilalar natijasida zarar ko‘rgan ob’ektlarni tiklash – davlat byudjeti, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari va boshqa taqiqlanmagan manbalar hisobidan amalga oshirilishi, shuningdek, fuqarolarning seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi huquqlari va majburiyatlari belgilanmoqda.

Umuman, Qonun respublika aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish hamda amaldagi qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etishga, shu bilan birga, seysmik mustahkam bino va inshootlarni qurilishi sifati ustidan nazorat qilishga xizmat qiladi.

Senatorlar tomonidan Qonun ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar tomonidan “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek, yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Qonun bilan 6 ta kodeks hamda 12 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bunda:

 qonunlar asosiy tushunchalar aks ettirilgan alohida modda bilan to‘ldirilgan;

– tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati organlarining egalik qilishga, foydalanishga va ijaraga yer berish, yer uchastkalarini savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi ob’ektlari bilan birgalikda yuridik va jismoniy shaxslarga mulk etib realizatsiya qilish hamda yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini kim oshdi savdosi asosida fuqarolarga realizatsiya qilish kabi vakolatlari bekor qilinmoqda;

 yuridik shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan doimiy egalik qilish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, shuningdek, jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish huquqlari chiqarib tashlanmoqda;

– yer uchastkasini shartnoma asosida ijaraga berish uchun asos bo‘luvchi holatlar va ijaraga berish muddatlari aniq belgilab berilmoqda;

– Qonun bilan aniq belgilangan hollarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini Vazirlar Mahkamasi qarori bilan
to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratishga ruxsat berilmoqda;

– yer uchastkalarini ajratish va ulardan oqilona foydalanish ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini o‘rnatishning yangi mexanizmi joriy etilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi natijasida qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik va shaharsozlik sohasidagi yer munosabatlari takomillashtirilishiga, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar maqbullashtirilishiga, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni, ayniqsa, sug‘oriladigan yerlarning muhofaza qilinishiga, yer uchastkalarini berishda shaffoflik va ochiqlik ta’minlanishiga hamda korrupsiya holatlari kamayishiga, yer ajratishda yagona shaxs tomonidan qaror qabul qilish mexanizmi tugatilishiga xizmat qiladi. Bu esa yerga nisbatan mulkchilik huquqini mustahkamlaydi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ham muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni, shuningdek, o‘lim holatlari soni tobora ko‘payib bormoqda. Aholining ommaviy vaksinatsiyasi ushbu kasallikka qarshi kurashishning samarali choralaridan biri hisoblanadi.

“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi amaldagi qonunlarda sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar doirasida profilaktik emlashlar o‘tkazishni joriy etish choralari nazarda tutilgan. Bunda fuqaro yoki uning qonuniy vakili tibbiy aralashuvni rad etish yoki uning to‘xtatilishini talab qilish huquqiga ega ekanligi belgilangan (atrofdagilar uchun xavfli kasallikka chalingan shaxslarga mazkur roziliksiz tibbiy yordam ko‘rsatilishi bundan mustasno).

Biroq ushbu Qonunda yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish joriy etilishi mumkinligi yuzasidan norma mavjud emas.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ishlab chiqildi.

“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunning 28-moddasida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish joriy etilishi mumkinligi to‘g‘risida aniq norma kiritilmoqda;

Qonunning qabul qilinishi koronavirus infeksiyasining yangi to‘lqinlarining oldini olish uchun aholi o‘rtasida ommaviy vaksinatsiyani tashkil etishning qonuniy asoslarini yanada mustahkamlashga hamda yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda profilaktik emlash o‘tkazishni joriy etish yuzasidan amaldagi qonunchilikdagi mavjud ziddiyatlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, Senatning 2021 yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida litsenziyalash, ruxsat berish, xabardor etish masalalari ma’nan eskirgan va tarqoq qonun hujjatlari bilan tartibga solib kelinganligi sababli zamon talablariga mos keladigan va soddalashtirilgan yagona qonun ma’qullangan edi.

Hujjat bilan milliy qonunchiligimizda o‘z o‘rniga ega ma’qullangan mazkur qonun amalda bo‘lgan 70 turdagi litsenziyalanadigan faoliyat va 34 turdagi ruxsatnomalarni bekor qilishi bilan birga, litsensiya va ruxsatnomalar sohasini tartibga soluvchi 33 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish kerakligi talabini ham keltirib chiqargan.

Jumladan, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga ham o‘zgartishlar kiritilib, amaldagi qonundagi bank tomonidan filialni tashkil etishga doir Markaziy bankdan ruxsatnoma olishi tartibi bekor qilinib, o‘rniga Banklar o‘z filiali yoki bank xizmatlari ofisini ochganlik va tugatganlik to‘g‘risida Markaziy bankni belgilangan tartibda xabardor etadi, deb belgilanmoqda.

Litsenziyalashdan tashqari boshqa ruxsat berish tartib-taomillari yoki xabardor qilish tartibi amal qiladigan faoliyat boshqa turlaridan ham g‘ayriqonuniy ravishda ko‘p miqdorda daromad olish mumkinligini inobatga olib, ular uchun samarali javobgarlik mexanizmlarini belgilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi va boshqa qator qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi ishbilarmonlik muhitini faollashtirishda muhim o‘rin tutuvchi litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillariga oid qonunlar samaradorligining oshishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

O‘n yettinchi yalpi majlisda senatorlar “Intellektual mulk ob’ektlarining huquqiy muhofazasi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni ko‘rib chiqdi.

Mazkur Qonun intellektual mulk ob’ektlariga talabnoma topshiruvchilar talablarini to‘laqonli inobatga olish, sohada jahon tajribasini muvaffaqiyatli amalga oshirish, soha bo‘yicha xalqaro reytinglardagi o‘rinni mustahkamlash, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi xalqaro hujjatlar talablarini bajarish maqsadida ishlab chiqilgan.

Hujjatda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi, “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Qolaversa, intellektual mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoniga tezkor ekspertizani joriy etish, intellektual mulk ob’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish muddatlari sezilarli darajada qisqartirishlar, shuningdek, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasida mulkiy huquqlar himoya muddatini uzaytirish, yetkazilgan zarar uchun tovon miqdorining belgilanishi kabi masalalar o‘z ifodasini topmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyati takomillashtirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

“Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasiga byudjet tizimiga mablag‘lar tushumlarining to‘liqligini o‘rganish hamda byudjet shaffofligini nazorat qilish vazifasi belgilangan edi.

Shu munosabat bilan Qonunda Hisob palatasi tomonidan byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlash tartibiga rioya etilishini ta’minlash borasidagi me’yorlar belgilangan. Ushbu me’yorlar byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalar mablag‘larining shakllanishi va maqsadli foydalanish masalalariga ham tegishlidir.

Shuningdek, yangi tahrirda qabul qilingan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun bilan Hisob palatasiga davlat xaridlari sohasidagi qonun hujjatlarining to‘g‘ri qo‘llanilishi ustidan nazoratni amalga oshirilishi yuklatilgan.

Shundan kelib chiqib, Qonun bilan davlat xaridlarini amalga oshirishda davlat mablag‘laridan samarali va maqsadga muvofiq foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish tartibi belgilanmoqda.

Qonunga ko‘ra, endilikda Hisob palatasi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat tizimini o‘z vaqtida joriy etishga va uning samarali faoliyat ko‘rsatishiga monelik qilayotgan omillarni aniqlaydi, shuningdek ularni tizimli ravishda tahlil qilib, ularning natijalari bo‘yicha axborot kiritishi belgilanmoqda.

Qolaversa, Qonunda Hisob palatasiga yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarning bajarilishini nazorat qilish bilan bog‘liq bo‘lgan vazifalar belgilangan.

Qonun bilan Hisob palatasining byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlash tartibiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish sohasidagi funksiyalari belgilangan.

Ta’kidlanganidek, Qonun bilan Hisob palatasining faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solishdagi mavjud kamchiliklar bartaraf etilgan.

Umuman, Qonun milliy amaliyot va xorijiy davlatlarning ko‘p yillik ijobiy tajribasini hisobga olingan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarining bajarilishi ustidan hamda byudjet tizimi byudjetlariga va boshqa jamg‘armalarga mablag‘larning to‘liq tushishi va byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlash tartibiga rioya etilishi, iqtisodiyotda yashirin iqtisodiyotning qisqartirilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishni ta’minlaydi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra “Zaytun moyi va zaytun mevasi to‘g‘risidagi xalqaro bitimga (Jeneva, 2015 yil 9 oktyabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Bitimning asosiy maqsadi zaytun yetishtirish sohasidagi milliy va xalqaro qonunchilikni uyg‘unlashtirish, axborot almashishga ko‘maklashish, ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish, zaytun mevasi yetishtirish va zaytun moyi ishlab chiqarish sohasidagi texnik hamkorlikni va tadqiqotlarni rag‘batlantirishdan iborat.

Muhokamalarda O‘zbekistonda bu borada salmoqli salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Masalan, zaytun mevasi Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on va Oltinsoy tumanlarida hamda Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida qariyb 20 gektar maydonda yetishtiriladi. Shu bilan birga, mamlakatda zaytun yetishtirish va uni qayta ishlashning qishloq xo‘jaligi texnikasi bo‘yicha ilmiy asoslangan standartlar va tavsiyalar hali mavjud emas.

irish uchun bir qator imkoniyatlar ochib beradi.

Ta’kidlanganidek, hujjat mamlakatimizning xalqaro majburiyatlari va ichki qonunchiligiga zid kelmasligi va O‘zbekiston Respublikasining tub manfaatlariga to‘liq javob berishi ta’kidlandi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining ayrim qarorlarini o‘rganish natijalari to‘g‘risidagi masalani muhokama qildi.

Mazkur masala Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqilgan. Yakkabog‘ tuman hokimining 2020 yil 18 maydagi qaroriga asosan “Qoplon dara shahzodasi” MCHJ shaklidagi agrofirmaga quyonchilikni rivojlantirish uchun tuman zaxira fondidan uzoq muddatli ijara shartnoma asosida 17,0 gektar yer maydoni ajratilgan.

Shundan so‘ng tuman hokimligi hamda “Qoplon dara shahzodasi” MCHJ shaklidagi agrofirma o‘rtasida 49 yil muddatga yer ijara shartnomasi tuzilgan. Ammo xalq deputatlari Yakkabog‘ tuman Kengashining 2021 yil 23 martdagi qaroriga asosan esa “Qoplon dara shahzodasi” MCHJ shaklidagi agrofirma hamda yana qator fermer xo‘jaliklariga yer maydonlari ajratish to‘g‘risidagi tuman hokimining qarorlari bekor qilinib, yer maydonlari tuman zaxira fondiga qaytarilgan.

O‘rganishda aniqlanganidek, mazkur qarorlar amaldagi qonunchilik hujjatlariga zid ravishda qabul qilingan.

Shunga o‘xshash vaziyat Uzun tumani hokimining 2020 yil 26 martdagi qarorida kuzatiladi. Unga ko‘ra, fuqaro I.Murtazayevga paxta-g‘allachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun 52,7 gektar yer maydoni ajratilgan. Shundan keyin 2020 yil 11 aprelda tuman hokimligi va “Zamin Sulton Baraka” fermer xo‘jaligi rahbari I.Murtazayev o‘rtasida yerdan foydalanish bo‘yicha 31 yilga mo‘ljallangan ijara shartnomasi tuzilgan.

Ammo xalq deputatlari Uzun tuman Kengashining 2020 yil 9 noyabrdagi “Tumandagi paxta-g‘alla ekini uchun ajratilgan yer maydonlaridan samarali-oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida”gi qarori bilan “Zamin Sulton Baraka” hamda yana 35 ta fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer ijara shartnomalari muddatidan oldin bekor qilinib, yer maydonlari tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan.

Ko‘rilgan masala yuzasidan Senat qarori qabul qilindi.

O‘n yettinchi yalpi majlisda aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha parlament nazoratini kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, ushbu yo‘nalishda joriy yilning 23 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaat qilishlariga majbur qilayotgan muammolarni mahallaning yoki hududlarning o‘zida hal qilish tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganligi qattiq tanqid qilingan va aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish bo‘yicha bir qator muhim vazifalar belgilab berilgan.

Qayd etilganidek, Senat qo‘mitalari tomonidan chuqur tahlil qilgan holda vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining axborotlarini tanqidiy ko‘rib chiqadi hamda parlament nazoratini kuchaytirib boradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga har chorakda tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining axborotini eshitish va tanqidiy jihatdan muhokama qilish, shuningdek, jamiyatda qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan murojaatlar yuzasidan tezkor eshituvlar tashkil qilgan holda mutasaddi shaxslardan izoh talab qilib, kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish tavsiya etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga fuqarolardan eng ko‘p kelib tushayotgan murojaatlar, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan masalalarni tahlil qilgan holda ular yuzasidan tushuntirishlar berib borish bo‘yicha vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas’uliyatini kuchaytirish yuzasidan zarur choralar ko‘rish topshirildi.

So‘ngra senatorlar Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamentini va Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqidagi masalani ko‘rib chiqdi.

O‘tgan davr mobaynida mahalliy Kengashlar faoliyatini tartibga soluvchi qator qonunchilik hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Mahalliy Kengashlar vakolatlari va vazifalari kengaytirildi, bir qator mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlarining mahalliy Kengashlar oldida hisobdorligi belgilandi.

Shuningdek, mahalliy Kengashlarda alohida kotibiyatlar tashkil etilib, Kengash, doimiy komissiyalar va deputatlar faoliyatiga tashkiliy, tahliliy jihatdan xizmat ko‘rsatish, ular faoliyatini muvofiqlashtirib borish aynan ushbu organ zimmasiga yuklatildi.

Bu esa mahalliy Kengashlar faoliyatini tartibga soluvchi asosiy normativ-hujjatlardan biri hisoblangan Reglamentga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni taqozo etdi.

Shu bilan birga bugungi kun amaliyotida mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari faoliyati ular bilan bevosita hamkorlikda ishlaydigan Senat qo‘mitalari faoliyatiga to‘la mos kelmasligi har ikkala tomonga ham noqulayliklar keltirib chiqarayotgan edi.

Senatning bitta qo‘mitasi mahalliy Kengashlardagi bir nechta doimiy komissiyalar bilan ishlashga yoki aksincha mahalliy Kengash doimiy komissiyalari ham Senatning bir nechta qo‘mitalari bilan ishlashiga to‘g‘ri kelayotgan edi.

O‘tgan davr mobaynida qonunchilik hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni, mamlakatimizda olib borilayotgan siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijasida davlat boshqaruvi sohasidagi tarkibiy o‘zgarishlarni, shuningdek mahalliy Kengash deputatlarining takliflarini inobatga olgan holda, amaldagi mahalliy Kengashning namunaviy Reglamenti hamda doimiy komissiyalari to‘g‘risidagi namunaviy nizom qayta ishlab chiqildi.

Yalpi majlis kun tartibiga yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo‘yicha reyting tizimini joriy etish to‘g‘risidagi masala kiritilgan.

Prezidentning “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida Oliy Majlis Senatiga yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo‘yicha reyting tizimini joriy etish tavsiya qilingan.

Shu munosabat bilan Senat tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo‘yicha reyting tizimi joriy etilmoqda.

Reyting tizimini ishlab chiqishda “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni asos qilib olingan. U yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, yoshlarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlash, yoshlar uchun ochiq va sifatli ta’limni ta’minlash, yoshlarni ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, parlament va mahalliy Kengashlarning yoshlar bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish kabi reyting baholashning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini belgilamoqda.

Ishlab chiqilgan Nizomga asosan Senat huzurida reyting baholash bo‘yicha tuzilgan Respublika komissiyasi tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida amalga oshirilishi maxsus indikatorlar asosida baholanadi.

Respublika komissiyasi tarkibiga Senat Raisi boshchiligida yoshlar bilan bevosita ishlaydigan vazirlik va idoralar birinchi rahbarlari jalb qilingan.

Mazkur Komissiyasi hududlarni reyting baholash jarayonlarini tashkil etadi, muvofiqlashtiradi, ma’lumotlar va natijalarni umumlashtiradi hamda monitoring qilib boradi.

Yoshlarga oid davlat siyosatining tuman va shaharlarda amalga oshirilishi xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan indikatorlar asosida baholanadi. Hududlarni reyting baholash bo‘yicha ishchi organi etib O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi belgilandi.

G‘olib hududlar har yili 1 iyunga qadar Respublika komissiyasi tomonidan e’lon qilib boriladi.

Eng yuqori ball to‘plagan hududga g‘oliblik bayrog‘i bilan taqdirlanadi. Bundan tashqari, G‘olib bo‘lgan hududda 30 iyun – O‘zbekiston Respublikasi Yoshlari kuni munosabati bilan yoshlar va talabalar forumi tashkil etiladi.

Reyting baholash natijalari Oliy Majlis Senati majlislarida, xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlarida tanqidiy muhokama qilib boriladi. Aniqlangan muammo va kamchiliklarni joyida hal etish chorasi ko‘riladi.

Har bir hududning yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha taqdim etgan ma’lumotlari Senat ishchi guruhi tomonidan joylarga chiqqan holda o‘rganiladi. Baholash tizimi doimiy Senat nazoratida bo‘ladi.

Muhokamalar davomida senatorlar tomonidan ushbu yangi tizim yoshlarning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishga, ular uchun keng imkoniyatlar ochishga, mutasaddi rahbarlarning mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shuningdek, yalpi majlisda Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining 2020 yildagi va 2021 yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

Hisobot davrida Qo‘mita tomonidan parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, O‘zbekistonning tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy manfaatlarini ta’minlash, mamlakatning xalqaro imiji va nufuzini mustahkamlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.

Ta’kidlanganidek, COVID-19 global pandemiyasiga qaramay, hisobot davrida Senatning parlamentlararo hamkorligi oshgani alohida ta’kidlandi. Gender, mintaqalararo hamkorlik, ma’rifatli Islom g‘oyalarini targ‘ib qilish va haj va yoshlar turizmi sohasida xorijiy parlamentlar bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan hamkorlik bo‘yicha do‘stlik guruhlari soni qariyb ikki barobar ko‘payib, 49 taga yetdi.

Hisobot davrida Qo‘mita tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari ishtirokida va qonunchilik faoliyati sohasidagi ekspertlar jalb etilgan holda 7 ta qonun ko‘rib chiqildi va tasdiqlash uchun Senatga kiritildi. 20 ta nazorat-tahlil tadbiri, shu jumladan, vazirlik va idoralarning 10 ta axboroti, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining 4 ta hisoboti eshituvi o‘tkazildi (jami 23 nafar elchi hisobotlari eshitildi), 4 ta qonun bo‘yicha qonunosti hujjatlarini ijro etish va qabul qilish holati o‘rganildi.

Qayd etilganidek, Qo‘mita tomonidan 2021 yildan boshlab joriy etilgan oliy darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha imzolangan “yo‘l xaritalari”ning bajarilishi ustidan nazorat amaliyoti tatbiq etildi.

Fuqarolarning murojaatlari va yetakchi ekspertlar bilan maslahatlashuvlar asosida eng dolzarb va tizimli muammolar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga 3 ta parlament so‘rovi tayyorlandi. Fuqarolarning shikoyatlarini ko‘rib chiqish va hal etish yuzasidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari bilan hamkorlik kuchaytirildi. Murojaatlardan kelib chiqib, aholini tashvishga solayotgan tizimli muammo va kamchiliklar yuzasidan parlament so‘rovlari yuborish amaliyotga joriy etildi.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va eksportga ko‘maklashish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hokimlar o‘rinbosarlarining axboroti eshituvini tashkil etishda uslubiy yordam ko‘rsatish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, xorijiy mamlakatlar bilan mintaqalararo aloqalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va xorijiy mamlakatlardagi mehnat migrantlarimiz uchun qo‘shimcha kafolatlar va imkoniyatlar yaratish bo‘yicha parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish ishlarini faollashtirish maqsadga muvofiqdir

Yalpi majlisda 19 ta masala, shu jumladan, 7 ta qonun muhokama qilindi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

O‘zbekiston Respublikasi 

Oliy Majlisi Senati 

Axborot xizmati.

O‘zA