2021 yil 30 iyul kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yalpi majlisni Senat Raisi T. Norboyeva olib bordi.

Mazkur yalpi majlis ishi Senatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirda namoyish etildi.

Dastlab senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisida ko‘tarilgan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarining ijrosi doirasida Samarqand viloyatida ichimlik suvi ta’minoti ob’ektlarini loyihalash, qurish va rekonstruksiya qilish ishlarida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar to‘g‘risidagi masala yuzasidan Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan olib borilgan o‘rganish natijalarini ko‘rib chiqdi.

Majlisda mazkur o‘rganish natijalari haqida Qo‘mita raisi E. Gadoyev ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng yalpi majlis kun tartibidagi birinchi masala – “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya (Toshkent, 2021 yil 15-16 iyul) yakunlaridan kelib chiqadigan vazifalar ko‘rib chiqildi.

Senatorlarning fikricha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan o‘tkazilgan Toshkent konferensiyasi tarixiy voqeaga aylanib, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarini rivojlantirishning konseptual yangi shart-sharoitlarini yaratdi.

Qolaversa, mintaqaviy rivojlanishda yuzaga kelayotgan tendensiyalarni anglab yetish, hamkorlikning asosiy istiqbollarini aniqlab olish hamda Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikka erishishda hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlarini belgilash imkonini berdi.

Qayd etilganidek, anjuman maqsadlariga erishish parlament diplomatiyasi resurslaridan faol foydalanishni talab qiladi. Parlament a’zolari mintaqalarning salohiyatini birlashtirishga ko‘maklashishlari mumkin va buni amalga oshirishlari kerak. Bu esa mintaqalarning barqaror rivojlanishi, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti va xavfsizligini mustahkamlashning muhim omiliga aylanadi.

Shu o‘rinda Senat qarorida parlament yuqori palatasi faoliyatining davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni parlamentlararo hamkorlik mexanizmlari orqali faol targ‘ib etish, iqtisodiyot, investitsiyalar, energetika, innovatsiyalar va “yashil” texnologiyalarni rivojlantirish sohasida hamkorlik qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlash, ekologik muammolar hamda tabiiy ofatlarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish, ularni amalga oshirishga ko‘maklashish, atrof-muhitni muhofaza qilish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.

Bundan tashqari, parlament diplomatiyasi hamda parlament nazoratining tegishli mexanizmlari belgilandi. Xususan, hududlarning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari bilan xalqaro shartnomalarini kengaytirish, xalqaro munosabatlarni rivojlantirish dasturlari va rejalarining bajarilishi ustidan, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining o‘z faoliyatiga doir masalalar haqidagi hisobotlarini eshitish, mintaqalar mamlakatlari bilan munosabatlarni rivojlantirish milliy harakat rejalarini (“yo‘l xaritalari”ni) tasdiqlash orqali parlament nazorati olib borish nazarda tutilgan.

Yalpi majlisda Senat qo‘mitalariga, xorijiy davlatlar parlamentlari bilan hamkorlik bo‘yicha komissiyalar va guruhlar rahbarlariga hamkorlik bo‘yicha guruhlarni kengaytirish va ularning majlislarini amaliy mazmun bilan boyitish, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari rahbarlarining axborotlarini eshitish, mintaqalararo aloqalarni chuqurlashtirishga ko‘maklashish, mahalla, saylov okruglari va oliy o‘quv yurtlarida ma’rifiy ishlarni faollashtirish yuzasidan aniq topshiriqlar va tavsiyalar berildi.

So‘ngra 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2021 yilning birinchi yarim yilligidagi ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, Davlat dasturi 273 ta banddan iborat bo‘lib, 2021 yilning birinchi yarmida 116 ta banddagi topshiriqning ijrosi ta’minlanishi belgilangan. Ularning 89 tasi to‘liq bajarilgan, 2 ta bandning ijro muddati belgilangan tartibda uzaytirilgan.

Hisobot davrida davlat byudjeti daromadlari 74,9 trillion so‘mga yetgan. Jami xarajatlar 79,3 trillion so‘mni, shundan ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilgan xarajatlar 40,4 trillion so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,6 foizga oshgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida 2021 yilda jami 7794 ta qishloq va mahallada 20,8 trillion so‘mlik qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi parametrlar tasdiqlangan.

2021 yilning 30 iyun holatiga 209,2 ming yangi ish o‘rni yaratilgan, 78,5 ming nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitilgan, 24 mingdan ortiq fuqarolarga subsidiyalar ajratilgan.

Yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi barcha sektorlar va mahallalar kesimida alohida rejalar tasdiqlangan hamda jami 425 ming 662 nafardan ortiq yoshlarning bandligiga erishilgan.

Majlisda Dastur ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham mavjudligiga e’tibor qaratildi.

Dasturda 2021 yilning birinchi yarmida bajarilishi qayd etilgan 7 ta banddagi Vazirlar Mahkamasi qarorlari belgilangan muddatlarda qabul qilinmagan. Natijada Dasturning bir qator muhim vazifalari ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanmagan. Jumladan, xorijga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan va xorijiy til hamda kasblar bo‘yicha malaka imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan fuqarolarni rag‘batlantirish tizimini joriy qilish, alohida e’tiborga muhtoj 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ta’lim olishi, aniq bir kasbni egallashi uchun ko‘maklashish, oliy ta’lim muassasasida ikki va undan ortiq farzandi shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga ta’lim krediti berish tartibini joriy etish shular jumlasidandir.

Shuningdek, senatorlar xorijiy mamlakatlardagi O‘zbekiston mehnat migrantlariga xizmat ko‘rsatish, ularning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish, jumladan, hayoti, sog‘lig‘i, mehnat sharoitlari va shartnomada belgilangan ish haqi o‘z vaqtida berilayotgani haqida doimiy monitoring olib borish zarurligini ta’kidladi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, 2021 yilning 6 oyi mobaynida respublikada jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash borasida Ichki ishlar vazirligi tomonidan boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda bir qator samarali ishlar amalga oshirilgan.

Xususan, 2021 yil 6 oyda sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 95,3 foizi fosh etilgan, qidiruvdagi 1 833 nafar shaxs ushlangan. Bedarak yo‘qolgan 218 nafar shaxs topilgan. Ichki ishlar organlari xodimlarining tashabbusi bilan mazkur davrda 15 434 ta jinoyat aniqlangan.

Qayd etish lozimki, ichki ishlar organlari xodimlari tashabbusi bilan aniqlangan jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 71,4 foizga yaxshilangan.

Biroq o‘tkazilgan o‘rganishlar huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlar yetarli darajada olib borilmaganligi ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatdi.

Xususan, 2021 yil 6 oyida respublika miqyosida sodir etilgan umumiy jinoyatlar soni 45 630 tani tashkil etib, har 100 ming aholiga o‘rtacha 132 tadan to‘g‘ri kelgan. O‘tgan yilga nisbatan 111,9 foizga ortgan.

Oldi olinishi mumkin bo‘lgan 217 ta qotillik, 4 137 ta tan jarohati yetkazish, 135 ta bosqinchilik, 1 100 ta bezorilik, 7 618 ta o‘g‘rilik, 9 439 ta firibgarlik jinoyati sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Bundan tashqari, 6 mingga yaqin, ayniqsa, Andijon, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida ishsizlar tomonidan jinoyatlar sodir etilib, joylarda aholining bandligini ta’minlash ishlari samarasiz tashkil etilganligidan dalolat beradi.

Oilalardagi notinchlik, nizolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning e’tiboridan chetda qolganligi oqibatida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda.

Jumladan, 2021 yil 6 oyida oilaviy munosabatlar doirasida sodir etilgan jinoyatlarning 77 tasi qotillik, 798 tasi tan jarohati yetkazish

bilan bog‘liq jinoyatlardir.

Bundan tashqari, respublika hududida sodir etilgan yo‘l transport hodisalarining oldini olish ishlari ham to‘g‘ri tashkil etilmagan. Mamlakatimizda haydovchilarni tayyorlash va ulardan imtihon olish tartibi bilan bog‘liq muammolar mavjud.

Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalarini ham takomillashtirish taqozo etiladi.

Avtomobil yo‘llarida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ta’sirchan nazorat to‘liq va samarali o‘rnatilmaganligi sababli Respublika bo‘yicha 2021 yilning o‘tgan 6 oyi davomida jami 3,5 millionga yaqin, 2020 yilga nisbatan 40,8 foizga ko‘p yo‘l harakati qoidabuzarligi sodir etilgan.

Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari ham talab darajasida emas. Ayrim xodimlarning esa bilim saviyasi va huquqiy madaniyati bugungi kun talablariga javob bermaydi. Oqibatda fuqarolarning jiddiy e’tirozlari kun sayin ortib bormoqda.

Majlisda senatorlar tomonidan aholi o‘rtasida jinoyatchilikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

So‘ngra Boyovut, Qarshi, Bo‘ston, To‘raqo‘rg‘on, Olot tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida belgilangan chora-tadbirlar ijrosi to‘g‘risidagi masala muhokama markazida bo‘ldi.

Qayd etilganidek, mazkur hududlarda muayyan ishlar amalga oshirilgan bo‘lib, sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish yo‘nalishida qariyb 912,1 milliard so‘mlik 303 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilgan, 3 800 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha belgilangan tadbirlar doirasida 6 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 7 ta umumta’lim maktabi va 3 ta sog‘liqni saqlash muassasasi binolari hamda 3 ta madaniyat ob’ektida qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Ushbu maqsadda 47,0 milliard so‘mdan ziyod byudjet mablag‘lari sarflangan.

Kommunal sohadagi muammolarni bartaraf etish, aholini sifatli va uzluksiz elektr energiya, tabiiy gaz hamda ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha belgilangan 50 dan ortiq tadbirlarning ijrosi to‘liq ta’minlangan.

Aholi xonadonlariga 1700 ga yaqin avtomatlashtirilgan gaz hisoblagichlari o‘rnatilgan. Toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 9 ta suv inshooti qurilib foydalanishga topshirilgan.

Shu bilan birga, tahlillar joriy yilning 1 iyul holatiga 79 ta tadbir muddatidan kechiktirilganligi va 106 ta tadbirni amalga oshirishda muammoli holatlar yuzaga kelganligini ko‘rsatdi.

Ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va jihozlash tadbirlarini moliyalashtirish manbai sifatida Investitsiya dasturida nazarda tutilgan mablag‘lar va respublika byudjeti etib belgilab qo‘yilganiga qaramasdan, mazkur ob’ektlardan 24 tasi (2020 yilda 9 ta va 2021 yilda 15 ta) joriy yilgi Investitsiya dasturiga kiritilmaganligi natijasida bugungi kunga qadar mablag‘ ajratilmagan.

Jumladan, maktabgacha ta’lim sohasida Boyovut tumanidagi 150 o‘rinli, Qarshi tumanida 50 o‘rinli 3 ta maktabgacha ta’lim tashkilotini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash tadbirlari moliyalashtirilmagan. Maktabgacha ta’lim vazirligining maxsus jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 47-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotini rekonstruksiya qilish ishlari boshlanmagan.

Xalq ta’limi sohasida To‘raqo‘rg‘on tumanida 330 o‘rinli maktab binosini qurish, Bo‘ston tumani xalq ta’limi bo‘limi binosini ta’mirlash tadbirlari respublika byudjetidan moliyalashtirilmagan.

Olot tumanidagi sog‘liqni saqlash ob’ektlarida respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan 3,7 milliard so‘mlik qurilish, ta’mirlash va jihozlash ishlarini amalga oshirish belgilangan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar mazkur tadbirlar moliyalashtirilmagan.

Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Madaniyat vazirligi mas’ulligidagi Kattaqo‘rg‘on harbiy garnizonining sobiq “Harbiylar” madaniyat saroyini mukammal ta’mirlash va Ingichka qo‘rg‘onida yangi Bolalar musiqa va sa’nat maktabini qurish tadbirlari boshlanmaganini ko‘rsatdi.

Yalpi majlisda hokimiyat hamda mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar bo‘yicha axboroti eshitildi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng qonunlarning ijrosi holati, huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish, amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan ta’minlanishini takomillashtirish maqsadida qonunlarning ijrosi holati, huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan monitoring o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, Senat qo‘mitalari tomonidan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda boshqa manfaatdor idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining 20 ga yaqin qonunlari o‘rganib chiqildi.

Tahlillar ayrim qonunlarda aniq mexanizmlarning aks ettirilmaganligi, havolaki normalarning mavjudligi sababli sohaning asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinib kelinganligi, shuningdek, qabul qilingan ayrim qonunlardagi normalarning amaliyotda qo‘llanilmayotganligi sababli qonunlarni bugungi kun talablari asosida qayta ko‘rib chiqish hamda takomillashtirish lozimligini ko‘rsatdi.

Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n yettinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

 

O‘zbekiston Respublikasi  

Oliy Majlisi Senati  

Axborot xizmati