O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 26 iyul kuni Kanadaning Favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Moskva shahrida) etib tayinlangan Elison Meri Leklerni qabul qildi.
Vazir ishonch yorliqlarini qabul qilib, elchini mas’ul lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi hamda uning kasbiy tajribasi O‘zbekiston – Kanada hamkorligini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shishiga umid bildirdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning holati, istiqbolli yo‘nalishlar va qo‘shma kun tartibini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muntazam siyosiy va iqtisodiy muloqotni, xususan, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar, parlamentlararo aloqalarni chuqurlashtirish hamda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish orqali faollashtirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekani ta’kidlandi.
– O‘zbekistonga 2018 yilda ham kelganman. Mamlakatingizda olib borilayotgan islohotlarni ko‘pdan kuzatib kelaman. Jumladan, oila va jamiyatni mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlar tahsinga sazovor, – dedi Elison Meri Lekler. – O‘zbekiston bilan Kanada o‘rtasida qator yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik uchun katta salohiyat mavjud. Savdo-iqtisodiy, ta’lim, konchilik, qishloq xo‘jaligi, energetika, qayta tiklanadigan energetika va aviatsiya kabi sohalarda aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdormiz. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq global muammolarni hal qilishda, gender tengligi, parlament institutlarini rivojlantirishda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Suhbat chog‘ida mintaqaviy va xalqaro siyosatning boshqa masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA