Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida uzumchilik va pillachilik sohasida mavjud muammolar va tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Yig‘ilishda mutasaddilarga kelgusi ikki yilda 66 ming gektar yerda xo‘raki, mayizbop va sanoatbop uzum plantatsiyalarini tashkil etish va umumiy tokzorlar maydonini 150 ming gektarga yetkazish, yil yakuniga qadar 15 ming 700 gektar tokzorda tomchilatib sug‘orishni joriy etish va mingta artezian quduq qazish ishlarini yakunlash vazifasi topshirildi.

Uzum yetishtirish hajmini ko‘paytirishda aholi xonadonlaridan ham keng foydalanish tizimini joriy etish lozimligi qayd etildi.

Misol uchun, Buloqboshida bu yil mingta xonadonga 7 milliard so‘m kredit ajratilib, qo‘shimcha 5 ming tonna uzum, 15 milliard so‘m daromad olish imkoniyati yaratildi. Tumanning ayrim mahallalarida bir qarich ham bo‘sh yerni ko‘rmaysiz, hamma joyda uzum ekilgan.

Bu tajribani respublikaning boshqa hududlaridagi 40 ming xonadonda joriy qilish orqali qo‘shimcha 3 ming gektar yangi tokzor tashkil etib, uzum yetishtirish hajmini uch baravar oshirish mumkin.

Ushbu ishlarni yil yakunigacha barcha tuman va shaharlarda joriy etish, shuningdek, har bir xonadonda kamida 15-20 tupdan uzum ko‘chatlarini noan’anaviy usulda, ya’ni “tepasida tok – pastida sabzavot” ekishni tashkil qilish vazifasi topshirildi.

Aholi xonadonlariga “Tomorqa-servis” orqali kerak bo‘lgan bozorbop tok ko‘chatlari yetkazib beriladi.

Yig‘ilishda olimlar va chetdan jalb etiladigan konsultantlar bilan xususiy-sheriklik asosida zamonaviy ko‘chatchilik komplekslarini tashkil qilish, uzumning yuqori hosildor, sovuqqa va kasalliklarga chidamli hamda danaksiz yangi navlarini yaratish bo‘yicha Rossiya, Chili va boshqa yetakchi davlatlarning ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Vengriya yetakchi universiteti va Farg‘ona davlat universiteti o‘rtasida soha mutaxassislarini tayyorlaydigan qo‘shma fakultet tashkil etish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.

Bundan tashqari, uzumni qayta ishlash va tayyor mahsulotga aylantirishning to‘liq siklini yaratish maqsadida vinochilik klasterlari tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, Forish, Oltinsoy, Ishtixon va Yangiobod tumanlarida sanoatbop uzum yetishtirish bo‘yicha dastlabki 4 ta yirik klaster tashkil etiladi.

Mayiz quritish va qadoqlash liniyalarini barpo etish xarajatlarining 20 foizigacha subsidiya ajratiladi. Shu bilan birga, tabiiy vinolarga nisbatan aksiz solig‘i bekor qilinadi.

Enoturizm uchun zarur infratuzilma yaratish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

 

O‘zA