Davlatimiz rahbari raisligida davom etayotgan selektor yig‘ilishida mutasaddilarga har bir tumanda uzumchilikda kasalliklarni aniqlash bo‘yicha ko‘chma laboratoriyalar va agrokimyo xizmatlarini tashkil etish, Mahmud Mirzayev nomidagi va boshqa ilmiy institutlarning viloyatlardagi yerlarining 500 gektarida kafolatli va sertifikatlangan uzum ko‘chatlari yetishtirishni yo‘lga qo‘yish vazifasi topshirildi.
Prezidentimiz endi tokzorlar barpo etish, eski bog‘ va uzumzorlarni yangilash uchun alohida tizim joriy etilishini ta’kidladi.
Unga muvofiq, sertifikatlangan yangi uzum plantatsiyalarining har bir gektariga 10 million so‘mdan subsidiya ajratiladi. Shuningdek, ko‘chatchilik xo‘jaliklari (pitomniklar) tashkil qilingan maydonlarning har bir gektari uchun ham subsidiya berish tizimi joriy etiladi.
Yangi tokzorlar uchun bir dona artezian quduq yoki nasos stansiyasi qurish uchun har 10 gektarga 120 million so‘mgacha subsidiya beriladi, ya’ni subsidiya beriladigan maydon hajmi 3 barobarga kamayadi (hozir eng kam maydon 35 gektar qilib belgilangan).
O‘zA