O‘zbekistonda yoshlar salohiyatini oshirish va bandligini ta’minlash uchun axborot texnologiyalarini rivojlantirishga alohida ahamiyat beriladi.
Joriy yil yakuniga qadar Qoraqalpog‘iston, Andijon, Samarqand, Sirdaryo va Navoiyda yoshlar texnoparklari foydalanishga topshiriladi.
Kelgusi yili Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘ona, Xorazm va Surxondaryoda ham shunday texnoparklar barpo etiladi.
Shuningdek, yoshlarning startap g‘oyalarini saralab olishning ochiq-oshkora tizimi yo‘lga qo‘yilib, eng yaxshi loyihalarni moliyalashtirishga kelgusi yilda byudjetdan 100 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Viloyat hokimlari yoshlarning “Biznesga birinchi qadam” startap loyihalari tanlovini joriy etib, har bir tumandan kamida uchtadan g‘oliblarga mahalliy byudjetdan grantlar berib boradi. Bitta grantning summasi o‘rtacha 50 million so‘mni tashkil etadi.
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlar va talabalar forumidagi nutqida alohida qayd etdi.
O‘zA