Bu haqda davlatimiz rahbari ayni paytda davom etayotgan O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumidagi nutqida alohida ta’kidladi.

– bugungi kunda oliy ma’lumot talab qiladigan 80 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Misol uchun, transport, geologiya, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, sport sohalarida bilim va malakasi yetarli bo‘la turib, oliy ma’lumoti yo‘qligi uchun, minglab yoshlarimiz ishga kira olmayapti.

Shu bois, joriy yilda oliy ma’lumot talab etadigan kasb va lavozimlar qayta ko‘rib chiqiladi hamda ularning kamida 150 tasi bo‘yicha bunday talab bekor qilinadi. Bunday yengillik tufayli 10 mingdan ortiq yoshlar ishga joylashadi.

Qolaversa, maktablarning 10-11-sinf o‘quvchilarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb va hunarlarga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Bu borada, Andijon viloyatida jami 41 ming maktab bitiruvchilarining 25 ming nafarini kasb-hunarga o‘rgatish orqali, bandligini ta’minlash bo‘yicha tajriba, barcha hududlarda keng qo‘llanilishi kerak.

Bundan buyon maktab bitiruvchisiga attestat berishda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kamida bitta kasb yoki hunarni egallash majburiy qoida bo‘ladi.

Bu tizim davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat ta’lim tashkilotlari bilan birga yo‘lga qo‘yiladi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari har yili 1 sentyabrga qadar maktablar kesimida 10-11-sinf o‘quvchilarini mehnat bozorida ehtiyoj yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitish ro‘yxati va dasturini mahalliy kengashlarda muhokama qilib, tasdiqlaydi.

Parlamentimiz palatalari ushbu talabni qonun darajasida mustahkamlashi maqsadga muvofiq bo‘lur edi.

O‘ylaymanki, ushbu tashabbusni barcha ota-onalar qo‘llab-quvvatlaydi. Chunki, kasb-hunar egallagan inson birovga muhtoj bo‘lmaydi, buzg‘unchi g‘oyalarga berilmaydi, hayotda albatta o‘z yo‘lini topadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

O‘zA