Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida alohida ta’kidladi.
Ma’lumki, bu yil mamlakatimizda maktablar, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarini qariyb 560 ming nafar yoshlar tamomlab, mustaqil hayotga qadam qo‘yadi.
Shu bois, yoshlarning bandligini ta’minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Prezident bunda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilishini ma’lum qildi.
Birinchidan, har o‘quv yili yakuni bilan tuman, shahar, viloyat va respublika darajasida bitiruvchilar bandligini ta’minlashga oid dasturlar qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Dasturda har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida qancha yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, qanchasini ish bilan ta’minlash, nechta startap va tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish belgilanishi shart.
– Bu bizning yoshlar bilan yangicha ishlash bo‘yicha “bandlik”, “innovatsiya” va “investitsiya” dasturimiz bo‘lib xizmat qiladi. Viloyat, tuman va shahar hokimlari hamda sektorlar rahbarlari har haftada bir marta yoshlar bilan uchrashib, ularning g‘oya, taklif va tashabbuslarini eshitib, muammolarini hal qilishga mas’ul va javobgar bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘zA