29 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar Turkmaniston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Suhbatda ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Oliy darajadagi muntazam va sermahsul muloqotlar tufayli O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish borasida birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi. Hamkorlik bo‘yicha yangi loyihalarni ilgari surishda Hukumatlararo komissiya alohida o‘rin tutishi qayd etildi.

Yetakchilar joriy yilda Turkmanistonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvini tashkil etish masalalariga alohida to‘xtaldilar. Bo‘lajak ko‘p tomonlama tadbir dasturini puxta tayyorlashga kelishib olindi.

Prezidentlar xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashib, Afg‘onistondagi, jumladan, ushbu mamlakat shimoliy chegaraoldi hududlaridagi harbiy-siyosiy vaziyatning rivojlanishini muhokama qildilar.

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek iliq, do‘stona va ishchan ruhda o‘tdi.