Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 25 iyun kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, korxonalar faoliyati bilan tanishdi.

Poytaxtimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, tirbandliklarning oldini olish, piyodalar uchun qulaylik yaratish maqsadida ko‘plab ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar bunyod etilmoqda.

Bundan bir yil oldin davlatimiz rahbari Sergeli tumanini poytaxtimiz markazi bilan bog‘lovchi yo‘l va ko‘prik loyihasi bilan tanishgan edi. O‘tgan yili 26 dekabr kuni ushbu yo‘lning muhim qismi bo‘lgan Qipchoq ko‘chasidagi ko‘prik ochildi. bugungi kunda ushbu ko‘prikdan Cho‘ponota ko‘chasigacha yangi yo‘l va yo‘l o‘tkazgichlar barpo etilmoqda.

Kichik halqa yo‘li va Salar kanali ustida qurilayotgan ko‘prikning uzunligi 788 metr, chiqish-tushish qismi bilan hisoblaganda 950 metr bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari dastlab ushbu ko‘prikni borib ko‘rdi.

O‘ziga xos muhandislik yechimiga ega bu inshoot monolit uslubida, beton aralashmasi ichidagi temir to‘qimalarni tarang tortish texnologiyasi asosida bunyod etilmoqda. Bu xavfsiz bo‘lishi bilan birga qurish uchun juda qulay. Xususan, bu yerdagi ishlar ham Kichik halqa yo‘li va temir yo‘ldagi qatnovni to‘xtatmagan holda davom ettirilmoqda.

– Bu arzon, mustahkam, xalqimizga ham ma’qul texnologiya. Kelajakni hisobga olib, hali ko‘p joyda ko‘priklar quramiz. Shuning uchun mutaxassislar va talabalarni bu yerga olib kelib, jarayonni ko‘rsatish, zamonaviy texnologiyalarni o‘rgatish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu ko‘prikdan Qipchoq ko‘chasigacha 6 kilometr yo‘l qurilmoqda. Toshkent halqa avtomobil yo‘li bilan kesishgan joyda tunnel bo‘ladi. Shu tariqa, poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Cho‘ponota ko‘chasi va Sergeli tumanidagi Qipchoq ko‘chasi samarali bog‘lanadi.

Hozirgi kunda Sergeli tumanidan shahar markaziga kelib-ketadigan avtomobillar asosan bitta yo‘l – Yangi Sergeli ko‘chasi orqali harakatlanmoqda. Shu bois unda qatnov juda ko‘p, tirbandlik katta.

6 qatorli yangi ko‘prik va yo‘l soatiga 12 mingtagacha avtotransportni o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ladi. Natijada Sergeli tumaniga transport qatnovi tirbandligi 50 foizga, harakat vaqti 20-25 daqiqaga kamayadi.

Yo‘l bo‘ylariga energiya tejamkor yoritgichlar o‘rnatiladi. Bo‘sh maydonlarda “yashil hududlar” barpo etilib, piyodalar yo‘lagi va veloyo‘lakchalar tashkil etiladi.

Shu yerda Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi Yangi O‘zbekiston ko‘chasida yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari poytaxtimizning Yangihayot tumanidagi «Dentafill Plyus» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Xalqimizning salomatligini asrash, tibbiyot sohasini rivojlantirishga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor samarasida farmatsevtika sanoati ham jadal rivojlanib, ishlab chiqarilayotgan dori-darmon vositalarining turi hamda sifati tobora ortib borayotir.

«Dentafill Plyus» mamlakatimizdagi dori vositalari va tibbiy anjomlar ishlab chiqarayotgan yetakchi farmatsevtik korxonalardan biri.

Bu korxona 2019 yilda ishga tushirilgan. Shveysariya, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Yaponiya, Malayziya va Janubiy Koreyadan eng zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Bugun bu yerda 20 dan ortiq farmakologik guruhga mansub 172 dan ziyod dori vositasi va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarilmoqda. Yillik quvvat 60 million dona.

Prezident korxonada ishlab chiqarilgan dori vositalarini ko‘zdan kechirdi.

– Farmatsevtika bo‘yicha katta imkoniyatlarimiz bo‘la turib, bundan foydalanilmas edi. Hozirgacha katta xarajatlar evaziga chetdan dori-darmon olib kelinyapti. Shuning uchun biz zaminni mustahkam qilayapmiz. Avvalo, kadrlar tayyorlash, innovatsiyalarni joriy qilish, ilmni rivojlantirishga e’tibor qaratyapmiz. Endi ishlab chiqarish ham sifatli bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Bu korxonaga Toshkent farmatsevtika instituti talabalarini jalb etib, nazariyani amaliyot bilan mutanosib olib borish zarurligi ta’kidlandi.

Korxonada Yevropaning yetakchi kompaniyalari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining O‘simlik moddalari kimyosi instituti va Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti bilan muvaffaqiyatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu mahsulotlarning turini ko‘paytirish va sifatini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Hozirda «Dentafill Plyus» korxonasining yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlangan sexlarida tabletkalar, kapsulalar, galen preparatlar, in’eksion va infuzion eritmalar shaklidagi dori vositalari ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, quruq holatdagi antibiotiklar, surtmalar, suppozitoriylar, siroplar, suspenziyalar, suyuq dorilar, tish pastasi va tibbiy buyumlar, qo‘lqoplar tayyorlanadi.

Mas’uliyati cheklangan jamiyatda mahalliylashtirish darajasi 65 foizga yetgan. Shveysariyaning BFS texnologiyasi asosida in’eksion preparatlarni polimer ampulalarda ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. Lateks xomashyosidan jarrohlik qo‘lqoplarini ishlab chiqarish texnologiyasi ham o‘zlashtirildi. Korxonada 360 kishi ish bilan ta’minlangan.

Yiliga 25 million dona dori vositalari Kuvayt, Rossiya, Belarus, Gruziya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.

Hozir dunyoda tabiiy giyohlardan tayyorlangan dorilarga talab ortmoqda. Korxonada yurtimizda o‘sadigan dorivor o‘simliklarni ekstraksiya qilish, ulardan turli mahsulotlar ishlab chiqarish ustida ham izlanishlar olib borilmoqda.

Prezidentimizga Toshkent viloyatining Zangiota tumanida “Tashkent Pharma Park” innovatsion farmatsevtika klasteri qurilishining borishi haqida ham ma’lumot berildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari jurnalistlar bilan muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari Sergeli tumanidagi Saxovat mahallasi hayoti bilan tanishdi.

Mahalla hududi 18 gektar bo‘lib, 2016 yilda tashkil etilgan. 41 ta ko‘p qavatli uyda 6 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. Bu yerda bitta maktab va ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi bor.

Ilgari bu mahalla e’tibordan chetda qolgan edi. Joriy yilda “Obod mahalla” dasturi doirasida hudud to‘liq obodonlashtirilib, yangidan chiroy ochdi. Mahalla guzari, Saxovat bog‘i, savdo do‘konlari barpo etildi. Yo‘laklar tartibga keltirilib, bolalar o‘yingohlari, avtoturargoh tashkil qilindi.

Prezidentimiz ushbu bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Mahalladagi ijtimoiy muammolar manzilli hal etilmoqda. Masalan, turar joyga muhtojlarga uy va subsidiyalar berildi. Ishsiz ayollar va yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida qiymati 5 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirilmoqda. Xususan, mebelsozlik majmuasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari mahalla do‘konini ham kirib ko‘rdi.

Mahalla ahli bilan suhbatda bugungi o‘zgarishlar, tinchlik-osoyishtalikning qadri haqida muloqot bo‘ldi.

– Sergelida ko‘plab uy-joylar qurdik, yangi-yangi korxonalar kirib kelayapti. Bu o‘zgarishlar odamlar hayotida sezilishi muhim. Endi tumandagi har bir mahalla shunday obod bo‘lishi kerak. Aholi bu yerda sayr qilib, piyoda yurib, sog‘lig‘ini mustahkamlab, hayotdan rozi bo‘lib yashasa, maqsadimiz shu. Sizlarning baxtingiz – mening baxtim, – dedi Prezident.

Joriy yilda “Obod mahalla” dasturiga ko‘ra Toshkent shahriga 1 trillion 300 milliard so‘m ajratilgan. Buning evaziga mahallalarda 937 kilometr ichimlik va oqova suv, gaz, elektr tarmoqlari, 545 kilometr ichki yo‘llarda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.

Davlatimiz rahbari joriy yilning 31 may kuni Chirchiq daryosi bo‘yini obodonlashtirishga oid loyiha taqdimoti bilan tanishgan edi.

Daryoning Toshkent shahridan o‘tgan qismi 16 kilometrni tashkil etadi. Ushbu masofada o‘zanni qisqartirib, turli infratuzilma ob’ektlari barpo etish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda Ohangaron va Bektemir ko‘chalari oralig‘idagi 5 kilometr tartibga keltirilmoqda.

Prezident bu yerdagi qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Bu qismdagi ishlar 2021-2022 yillarda amalga oshiriladi. Natijada 34 gektardan ziyod maydon hosil bo‘ladi.

Loyiha to‘rt bosqichdan iborat. Ikkinchi bosqichda yana 5 kilometr, uchinchisi va to‘rtinchi bosqichlarda 3 kilometrdan daryo o‘zani tartibga keltiriladi.

Umuman, bu ishlar natijasida 210 gektar qo‘shimcha yer ochiladi. Bu hudud ko‘kalamzorlashtirilib, dam olish maskanlari, sayr yo‘laklari va mahalliy avtomobil yo‘llari barpo etiladi. Shuningdek, zamonaviy uy-joylar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish inshootlari qurilishi rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari bu hudud shahar ekologiyasi uchun muhimligini ta’kidlab, ko‘proq daraxtlar ekish, aholi uchun rekratsion joylarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shu yerda Toshkent shahri va tumanlari hokimlari, sektor rahbarlari, mahalla raislari bilan yig‘ilish bo‘ldi.

Ajratilgan mablag‘larni to‘g‘ri yo‘naltirib, tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish choralari belgilandi. Mahallalarda xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan 5 ming 400 ta kichik loyihani amalga oshirish orqali 181 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkoni borligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda ijtimoiy masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Joriy yilning o‘tgan davrida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 24 ming nafar yoshlardan 19,5 ming nafarining bandligi ta’minlangan. Poytaxtda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 16 ming nafardan ziyod xotin-qizlarning barchasiga amaliy yordam berilgan.

Davlatimiz rahbari nuroniylar va faollarning takliflari asosida mahallalarni obodonlashtirish, yo‘l va suv tarmoqlarini ta’mirlash, tibbiy xizmatlarni yaxshilash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Yoshlarni kasbga yo‘naltirish, sport musobaqalari va to‘garaklarga jalb etish muhimligi ta’kidlandi.

– Bu yil jonajon O‘zbekistonimiz mustaqilligining 30 yilligini nishonlaymiz. Bu bayramni ko‘tarinki ruh bilan, ulkan natijalar bilan kutib olishimiz kerak. Xalqimizni rozi qilish uchun yangi qirralarni, yangi imkoniyatlarni topishimiz zarur, – dedi Prezident.

 

A.MUSAEV,

Z.JONIBEKOV,

M.ELMURODOV,

O‘zA muxbirlari