bugungi videoselektor yig‘ilishida xususiylashtirilgan ob’ektlar samaradorligini oshirish borasidagi vazifalarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Qayd etilishicha, o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar natijasida avval bo‘sh turgan 11 mingta korxona faoliyati tiklangan. Misol uchun, uzoq muddat davomida bo‘sh turgan sobiq “Andijon Mash” korxonasi negizida kichik sanoat zonasi tashkil etilib, 24 ta yangi korxonada mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgan. Xuddi shunday ishlar Toshkent shahridagi “Texnopark”, Farg‘onadagi “Mexanika zavodi”da ham amalga oshirilgan.

Andijon viloyatiga tashrif chog‘ida avval xususiylashtirilgan ob’ektlar samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari ayni paytda respublika bo‘yicha 19 mingta bo‘sh turgan va past quvvatlarda ishlayotgan ob’ektlar mavjud ekanini ma’lum qildi.

Yig‘ilishda bir oy muddatda bo‘sh turgan va past samarali ob’ektlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, elektron platformasini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Viloyat hokimlari boshchiligidagi komissiya har bir ob’ektga shaxsan o‘zi borib, tadbirkorlar bilan uchrashib, aniq choralarni belgilagan holda, loyihalarni amalga oshirish uchun ko‘mak va amaliy yordam berishlari zarurligi ta’kidlandi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlarining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosarlariga har bir ishlamayotgan bunday ob’ektlar nomma-nom biriktiriladi va yil yakuniga qadar kamida 150 ming yangi ish o‘rni yaratishga mas’ul va javobgar bo‘ladi.

 

O‘zA