Endi tarmoq va hudud rahbarlarining asosiy vazifasi investitsiyaviy faollikni kuchaytirish bilan birga, ularning samaradorligini oshirish bo‘ladi. Shuningdek, tarmoq va hududlarga imtiyoz va preferensiya berilganda, nafaqat investitsiya hajmi, balki yangi ish o‘rni tashkil etish ham hisobga olinadi.
Bu haqda ayni paytda investitsiya va eksport sohalarida olib borilayotgan ishlar va yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Prezident mutasaddilarga kelgusi yil byudjet va investitsiya dasturlarini shakllantirishda ushbu talablarni asosiy mezon sifatida kiritish bo‘yicha topshiriq berdi.
Bosh vazir o‘rinbosari S.Umurzoqov tarmoq, hudud va bank rahbarlari bilan birga quyidagi yo‘nalishlarda ishlarni tashkil etishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Avvalo, har bir tuman va shaharning mahalliy sanoat bo‘yicha ishga solinmagan imkoniyat va salohiyatlarini aniqlab, manzilli investitsiya loyihalarini ishlab chiqishi zarur.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimizda qo‘shnilarni ham hisobga olganda, mebel mahsulotlari bozori 2,5 milliard dollarga teng. Lekin respublika bo‘yicha 5,5 mingta mebel korxonasidan 1,5 mingtasi aholi xonadonlarida joylashgan bo‘lib, ularni sanoatlashtirish orqali kamida mingta loyihani amalga oshirish mumkin.
Misol uchun, Xorazmdagi mebelsozlarning 44 foizi Xonqada joylashgan. Tumandagi Istiqlol, Barkamollik, Paxtagul va Vatanparvar mahallalarida 100 dan ziyod oila o‘z xonadonlarida mebel ishlab chiqaradi.
Shu bois, joriy haftada mebel sanoatini rivojlantirish bo‘yicha imzolangan qarorga muvofiq, 15 ta tuman (shahar) mebelsozlikka moslashtirildi.
Nukus, Andijon, Oltinko‘l, Romitan, Qarshi, Karmana, Pastdarg‘om, Uzun, Bag‘dod, O‘rta Chirchiq, Xonqa tumanlari, Jizzax, Qarshi, Namangan va Yangiyer shaharlarida klaster shaklidagi mebelchilik kichik sanoat zonalari tashkil etilib, 200 million dollarlik 450 ta loyiha joylashtiriladi va kamida 7,5 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
O‘zA