Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida investitsiya va eksport sohalarida olib borilayotgan ishlar va yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Qayd etilishicha, 2017 yildan boshlab barcha manbalar hisobidan 716 trillion so‘m (83 milliard dollar) yoki oldingi davrga nisbatan 2 baravardan ziyod investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Shundan 26,8 milliard dollarini xorijdan jalb qilingan mablag‘lar tashkil etadi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar – 10,6 milliard dollar, davlat kafolati ostidagi loyihalar uchun – 8,4 milliard dollar, kafolatsiz kreditlar – 6,6 milliard dollar, bank va korxonalarning xalqaro obligatsiyalari – 1,2 milliard dollarlik mablag‘ jalb qilingan. O‘zlashtirilgan investitsiyalarning qariyb 65 foizi sanoat va infratuzilma loyihalariga to‘g‘ri keladi.
Natijada so‘nggi 4 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti tarkibida sanoatning ulushi 25 foizdan 33 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 1,3 baravarga o‘sdi.
Jumladan, avtomobilsozlikda ishlab chiqarish – 3,4 baravar, elektrotexnika – 2 baravar, farmatsevtika va qurilish materiallari – 1,4 baravar, metallurgiya – 1,2 baravarga oshdi.
Tayyor to‘qimachilik va maishiy texnika mahsulotlari eksporti 5 baravarga o‘sdi.
Ushbu davrda 441 trillion so‘mlik 47 mingdan ziyod yirik, o‘rta va kichik loyihalar ishga tushirilib, 680 mingdan ortiq doimiy yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Shuningdek, so‘nggi 4 yilda mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va servis sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun 100 trillion so‘m (10 milliard dollar) investitsiyalar yo‘naltirildi.
– 2017 yildan boshlab O‘zbekiston iqtisodiyotiga 83 milliard dollar investitsiya kirdi. Bu juda katta raqam. Juda ko‘p tajriba orttirdik, bir dollarlik investitsiya evaziga qancha ish joyi yaratilyapti, qancha raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqaryapti, sanoat o‘sishi qanday – bugun shularni muhokama qilamiz – dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zA