Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov bugungi brifingda ma’lum qilgan.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining dushanba kungi an’anaviy brifingida davlatimiz rahbarining o‘tgan haftadagi ish jadvali, shuningdek, boshlangan hafta davomida Prezident ishtirokida bo‘lishi kutilayotgan tadbirlar haqida ma’lumot berib borilyapti.
bugungi brifingda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov joriy haftada o‘tadigan tadbirlar haqida quyidagilarni ma’lum qildi:
– Bu haftada ham qator tadbirlar rejalashtirilgan. Bugun, 15-16 iyul kunlari Toshkentda o‘tishi rejalashtirilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik bo‘yicha yig‘ilish, Toshkent shahrini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha taqdimot bo‘lishi kutilmoqda. Ertaga mis ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish hamda sanoat klasterini tashkil etish yuzasidan yig‘ilish, 23 iyun kuni Yangi O‘zbekiston universitetini tashkil etish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot o‘tkazilishi mo‘ljallangan.
Tarmoq va hududlarda investitsiya loyihalari ijrosi hamda mahalliy sanoat loyihalarini jadallashtirish masalalari yuzasidan videoselektor ham rejaga kiritilgan.
Shuningdek, joriy haftada Prezidentimiz Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishadilar. Bular haqda hafta davomida yana xabar berib boramiz, – degan Sherzod Asadov.
O‘zA