Prezidentimiz faollar yigʻilishidan soʻng Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi viloyat kutubxonasiga bordi.

Kutubxona yuz yildan ortiq tarixga ega. Ayni kunda 93 mingdan ziyod nomdagi 872 ming nusxadan ortiq kitob fondiga ega.

1965-yilda qurilgan viloyat kutubxona binosida oʻtgan davr mobaynida jiddiy taʼmirlash ishlari olib borilmaganligi bois, suv, kanalizatsiya, isitish, havoni yangilab turish tizimlari yaroqsiz holga kelib qolgan edi.

Kutubxonada qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilib, kanalizatsiya, isitish tizimlari, shuningdek, bino tomi toʻla yangilandi. Binoning old qismiga ayvon qurildi, kitoblar saqlanadigan yertoʻla va maxsus xonalarning osti betonlandi. Yuqori qavatlarga chiqib-tushish uchun lift oʻrnatildi.

Muxtasar aytganda, kapital taʼmirlanib, eng avvalo, kitoblarni saqlash boʻyicha belgilangan barcha talablarga javob beradigan, oʻquvchilar, muassasada ishlovchilar uchun zarur shart-sharoitlarga ega madaniyat-maʼrifat maskaniga aylantirildi.

Taʼmirlash ishlari Andijon shahridagi “Xon” MCHJ quruvchilari tomonidan amalga oshirildi. Qurilish-taʼmirlash ishlari uchun qariyb 6 milliard soʻmga yaqin mablagʻ sarflandi.

– Bu joy Andijon viloyatining maʼnaviyat markazi boʻlishi kerak. Farzandlarimizni oʻqitish — kelajakka investitsiya. Shuning bu yerga yoshlarni koʻproq jalb etish, natijadorlikni oshirish kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ayni paytda kutubxonada 68 nafar xodim va mutaxassis mehnat qilmoqda.

Bugun viloyat kutubxonasi zamonaviy, oʻziga xos qiyofasi bilan Andijon shahrining koʻrkiga koʻrk qoʻshib turibdi.

 

Z.JONIBEKOV, OʻzA