Davlatimiz rahbari Andijon viloyati faollari yig‘ilishida mahalliy kengashlar va ijro hokimiyati organlari rahbarlari zimmasidagi mas’uliyat haqida to‘xtaldi.

– Biz joylardagi muammolarni hal qilish bo‘yicha deputatlar, tuman kengashlariga juda katta vakolatlar berganmiz. Shunday tizimga o‘tamizki, har bir kengash rahbari hokim bo‘lmaydi. Kengashga saylangan deputat unga rahbar bo‘ladi. Viloyat hokimi ham viloyat kengashining rahbari bo‘lmaydi. Ijro organi rahbari – tuman, shahar kengashlariga hisobot beruvchi. Bu tizimni ongimizga singdirmaganimiz uchun, odamlar o‘rgansin deb uni ushlab turibman. Har bir viloyat, tuman va shaharda vazirlik va respublika idoralarining vakillari bor. Lekin ular haligacha quyi pog‘onaga hisobot berishni o‘rganmagan. Bizning ijro organimizdagi eng katta kamchilik shu. Bu organlar vakillari yuqori tashkilotiga suyanib o‘z bilganicha ishlab yuribdi. Bu zamon tugagan.

bugungi qo‘ygan maqsadimiz – avvalo har bir xonadonning birini ikki qilish, iqtisodiy barqarorligini ta’minlashimiz kerak. Ko‘p harakat, hisob-kitoblar qilayapmiz. Lekin ongli ravishda jamiyatda xalqa xizmat qilish nuqtai nazaridan ijro organlari rahbarlari uyg‘onmayapti.

Baribir viloyat, tuman, shahar hokimlarini xalq saylaydi, qanday og‘ir bo‘lmasin shu kunga kelamiz. Xalq joylardagi hokimiyat vakillaridan hisobot talab qilsa, vaziyat o‘zgaradi, – dedi Prezident.

 

O‘zA