“Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashish asoslari to‘g‘risida 187-sonli konvensiyasini (Jeneva, 2006 yil 15 iyun) ratifikatsiya qilish haqida” gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi.
Mazkur konvensiyasi XMTning ustuvor konvensiyalaridan biri hisoblanib, uning maqsadi – ishlab chiqarishda shikastlanishlar, kasbiy kasalliklar va insonlar o‘limining oldini olish uchun doimiy ravishda mehnat xavfsizligi va gigiyenasini takomillashtirish.
Hozirgi vaqtda XMTning bu konvensiyasi 49 ta davlat, shu jumladan, MDH mamlakatlaridan Qozog‘iston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi tomonidan ratifikatsiya qilingan.
Konvensiyaning 2-moddasida konvensiyani ratifikatsiya qilayotgan har bir a’zo davlat ish beruvchilar va ishchilarning eng e’tiborli tashkilotlari bilan kelishgan holda milliy dastur ishlab chiqish orqali kasb kasalliklari, ishlab chiqarishdagi shikastlanishlar va insonlar o‘limining oldini olish maqsadida mehnat xavfsizligi va gigiyenasini doimiy ravishda takomillashtirishga o‘z hissasini qo‘shib borishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan XMTning konvensiyasini ratifikatsiya qilish milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishga, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) hujjatlarida belgilangan, mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashish asoslariga taalluqli bo‘lgan prinsiplarni hisobga olgan holda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasidagi xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qiladi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA