O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi va “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida “Sud hokimiyati va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi munosabat” mavzuida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda sud hokimiyati va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlik hamda munosabatlarning huquqiy asosi, bu borada xalqaro huquqiy normalar hamda xorij tajribasi xususida so‘z yuritildi.
Xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari rahbarlari, shuningdek, AQSH Sud institutining direktori, YUNESKOning OAV bilan aloqalari bo‘yicha koordinatori (Kanada), OAV huquqi va odob-axloqini o‘rganish markazi direktori (AQSH) va boshqa ko‘plab nufuzli xalqaro ekspertlar ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
Qayd etildiki, jamiyat taraqqiyotini ochiqlik va shaffofliksiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Sud-huquq islohotlarining hozirgi bosqichida ayni mezonlar yangi O‘zbekiston ijtimoiy hayotida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. bugungi kun shiddati sud tizimi xodimlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘rtasidagi konstruktiv muloqotlar samaradorligini yanada oshirishni taqozo qilmoqda.
Bu jarayonda sud hokimiyati vakillarining jamoatchilik bilan ishlash ko‘nikmalarini yanada shakllantirish qanchalik muhim bo‘lsa, ommaviy axborot vositalari xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish ham shunchalik muhimdir.
Bunda sudyalar va jurnalistlar o‘rtasida konstruktiv muloqot o‘rnatish, amaliy hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda ishtirok etgan xalqaro ekspertlar sud hokimiyati va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida munosabatni tartibga soluvchi xalqaro hujjatlar mazmun-mohiyati, sud ishlarini yoritish bo‘yicha xorij tajribasi, muammo va yechimlar xususida ma’ruzalar qildi.
Davra suhbatida sudlar faoliyati yoritilishida sud mustaqilligi va sudyalar daxlsizligi, inson sha’ni va qadr-qimmati, jismoniy va yuridik shaxslarning ishchanlik obro‘si muhofazasiga oid masalalar keng muhokama qilindi.
O‘zA