O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev boshqardi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha xarajatlar smetasini tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.
“2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunga binoan joriy yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasiga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdori 300 milliard so‘m etib belgilangan.
Xarajatlar smetasini shakllantirish va Moliya vazirligi bilan kelishishda Saylov kodeksi hamda xalqaro saylov standartlari talablaridan, shuningdek, avvalgi saylovlar tajribasini tahliliy o‘rganish natijalaridan kelib chiqqan holda, Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida mablag‘ talab etiladigan barcha jihatlar hisobga olindi.
Jumladan, 14 ta okrug saylov komissiyasining har biriga 56 million 991 ming so‘mdan, shuningdek, qariyb 10 ming 800 ta uchastka saylov komissiyasining har biriga 11 million 813 ming so‘mdan mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.
Majlisda okrug va uchastka saylov komissiyalari uchun ajratilayotgan ushbu mablag‘larning 80 foizdan ko‘prog‘i mazkur komissiyalar a’zolarining ish haqi, kompensatsiya hamda yagona ijtimoiy to‘lovlar uchun sarflanishi qayd etildi.
Yig‘ilishda Markaziy saylov komissiyasining bir qator qarorlari saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiqlashtirildi. Jumladan, saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar ilgari ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, bundan buyon jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bu qoida Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorida ham mustahkamlandi.
Endi saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar ularning o‘tkazilishi joyi va vaqti haqida tuman (shahar) hokimliklari kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda o‘tkaziladi. Bunda ushbu ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.
Avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda okrug saylov komissiyalari 9-11 nafargacha a’zodan iborat tarkibda tuzilar edi. Bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovida mamlakatimiz bo‘yicha o‘n to‘rtta okrug saylov komissiyasi faoliyat yuritishi, ayrim okruglarda saylov uchastkalari soni mingtagacha yetishi, saylov uchastkalarining ba’zilarida esa uch ming nafargacha saylovchi ro‘yxatga olinishiga e’tibor qilinsa, okrug saylov komissiyalari tarkibini kengaytirish zarurligi ayon bo‘ladi.
Shu munosabat bilan Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartishga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari tarkibini 11-21 nafargacha belgilash yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Majlisda Markaziy saylov komissiyasining vakolatlariga taalluqli boshqa ayrim masalalar ham ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA