Toshkent Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasida tashkil etilgan “Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda barqaror rivojlanish sari xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” mavzuidagi yirik xalqaro forumga mezbonlik qildi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan Jahon banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida tashkil etildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 22 fevralda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti va xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini o‘tkazish tashabbusini ilgari surgan edi.
Buning amaliy ifodasi sifatida o‘tkazilgan forumda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha fikr va ilg‘or tajriba almashildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish, o‘zaro hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash hamda Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ayollari o‘rtasida hamkorlik va ishbilarmonlik sherikligini o‘rnatish bo‘yicha amaliy muloqotlar o‘tkazildi.
Forum ishini boshqargan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva ilgari surilgan g‘oyalar, amalga oshirilayotgan samarali loyihalar bo‘yicha huquqiy asoslar yaratish bo‘yicha bildirgan taklifi ishtirokchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Bu amalga oshsa, g‘oyalarni amalga oshirish mexnizmlari ham yaratiladi. Samarali loyihalar to‘xtab qolishining oldi olinadi.
Forumda ishtirok etgan BMT Bosh kotibi yordamchisi, BMTTD ma’muriy yordamchisi va BMTTDning Yevropa va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bo‘yicha Mintaqaviy byurosi direktori Miryana Spolyarich Egger xonim forum iqtisodiy masalalarga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Ayollar tadbirkorligi bo‘yicha an’anaviy yo‘nalishlar emas, balki zamonaviy, yuqori texnologik sohalarga ham e’tibor qaratilayotgani diqqatga sazovor. 2030 yilgacha O‘zbekiston gender tenglikka erishishni maqsad qilayotganini esa olqishlaymiz. Bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Aytib o‘tish kerakki, Egger xonim O‘zbekistonga tashrifi doirasida BMTTD va Hukumat o‘rtasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qilish hamda BMTTD O‘zbekistonning ijtimoiy yo‘naltirilgan, yashil va barqaror rivojlanishni, ayniqsa, “SOVID-19” pandemiyasi sharoitida, qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini tasdiqlash uchun O‘zbekiston Hukumatining yuqori lavozimdagi rahbarlari va hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. “Ishga marhamat” monomarkaziga uskunalarni topshirish marosimida qatnashadi.
N.Abduraimova, O‘zA