Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Davlatimiz rahbari barcha sohadagi islohotlar tayyorlanayotgan mutaxassislarga bog‘liq ekanini ko‘p ta’kidlaydi. Shu bois oliy ta’lim tizimidagi dastlabki o‘zgarishlar avvalo, qabul qamrovini oshirish, muassasalarning moliyaviy holatini yaxshilash, professor-o‘qituvchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.
Natijada o‘tgan 3 yilda oliygohlar soni 65 tadan 117 taga yetdi, qabul 3 baravarga (66 mingtadan 181 mingtaga) oshdi, ularga 2 baravar ko‘p hujjat topshirilmoqda.
26 ta xorijiy oliygoh filiali tashkil etilib, 100 dan ortiq yetakchi oliygohlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida 64 ta kasb bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Professor-o‘qituvchilar maoshi o‘rtacha 3,5 baravarga oshirildi.
So‘nggi 3 yilda oliygohlar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 2,5 trillion so‘m yo‘naltirildi.
Yig‘ilishda Prezidentimiz oliy ta’limdagi islohotlarni amalga oshirish uchun avvalo rektorlar sinfini shakllantirish zarur ekanini ta’kidladi.
– Rektor bilimli bo‘lsa, xalqimizning baxti. Ularning dunyoqarashi hokimlarnikidan ham yuqori bo‘lishi kerak. Shu bois avval rektorlar sinfini mukammal shakllantirib olishimiz zarur. Oliy ta’lim muassasalari esa ta’lim-tarbiya, bilim berish bilan shug‘ullanishi kerak. Mana necha yildan beri maktabgacha ta’lim sohasi bilan shug‘ullanayapmiz. Maktabgacha ta’lim, xalq ta’limidagi islohotlar natijasini endi oliy ta’limda ko‘rsatish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zA