Joriy yilning 19-20 may kunlari Transport vazirligida BAA aviatsiya ma’muriyati vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish, parvozlar chastotasini ko‘paytirish, yangi yo‘nalishlarda aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama etildi.

Ikki mamlakat aviatsiya ma’muriyati vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha quyidagi kelishuvlarga erishildi:

“FlyDubai” aviakompaniyasi Dubay – Toshkent – Dubay yo‘nalishida parvozlar chastotasini haftasiga 5 tadan 6 ta reysga oshirish;

“Air Arabia PJSC” aviakompaniyasi Sharja – Toshkent – Sharja yo‘nalishida parvozlar chastotasini haftasiga 2 tadan 3 ta reysga ko‘paytirish;

“Air Arabia Abu Dhabi” aviakompaniyasi esa Abu-Dabi – Toshkent – Abu-Dabi yo‘nalishida parvozlar chastotasi haftasiga 2 tadan 4 ta reysga qadar ko‘paytirildi.

Shuningdek, “Wizz Air Abu Dhabi” aviakompaniyasiga Buxoro va Urganch shaharlariga parvozlarni amalga oshirish huquqi berildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida konstruktiv muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida kelishib oldilar.

 

O‘zbekiston Respublikasi Transport 

vazirligi Axborot xizmati