O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti bilan videokonferensaloqa shaklida uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida joriy yil iyul oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik ishlarining borishi yuzasidan fikr yuritdi.

Qayd etilganidek, mazkur anjumanni o‘tkazish tashabbusi Markaziy va Janubiy Osiyoning barcha mamlakatlarida, shuningdek, yetakchi sherik davlatlarda keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Shu munosabat bilan, tadbirga mazmunan puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi, xususan, strategik muhim infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, ayniqsa, transafg‘on yo‘lagini barpo etish bo‘yicha uning natijalarining amaliy ahamiyati ta’kidlandi.

Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston va xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni kengaytirish masalalarini ham muhokama qildi.

 

O‘zA