Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 18 may kuni sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish va raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda vazirlar, hokimlar, sog‘liqni saqlash boshqarmalari, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari tibbiyot sohasida juda katta islohotlar qilinayotgani, biroq natijasini xalqimiz hali sezmayotganini ta’kidladi.

Ramazon hayiti kunlari Prezident Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya va onkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga tashrif buyurib, bemorlar holidan xabar olgan, mazkur ikki yo‘nalishda aholi salomatligini mustahkamlash va tibbiy xizmat sifatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilab bergan edi. Mazkur tashrif sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolar to‘planib qolganini yana bir bor ko‘rsatdi. Shu bois onkologiya markazida bo‘lib o‘tgan videoselektorda mutasaddilarga barcha zarur topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari endi hokimlar poytaxtdan ko‘rsatma kutmay yoki uskuna qachon berilarkin deb o‘tirmay, tibbiyotga shaxsan o‘zi mas’ul bo‘lishini ta’kidladi.

– Men hozir Jahon banki vakili bilan uchrashdim. Ular ham bizga katta ko‘mak bermoqchi. Bir narsani bilinglar: endi hokimlar ham tibbiyotni mukammal bilishi kerak. Yana takrorlayman, islohotlarning dastlabki kunlaridan boshlab tibbiyot va tinchlik bo‘yicha juda katta sa’y-harakatlar qilayapmiz. Lekin shunga qaramay, xalqimiz tibbiyot sohasidagi islohotlarimizdan norozi. Endi viloyat hokimlari va har bitta tibbiyot muassasasi rahbari xalqimiz oldida hisobot beradigan tizim yaratamiz. Agar tibbiyotdagi islohotlarimizni amalga oshirsak, odamlar rozi bo‘ladi, orzu-umidlari ro‘yobga chiqib, salomatligini mustahkamlaydi, – dedi Prezident.