Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan shahar va tuman hokimliklari bosh mutaxassislari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari 2020 yili 29 dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida davlat organlari hamda tashkilotlarining o‘rta va quyi bo‘g‘in boshqaruv xodimlarining yangicha talablar asosida muntazam malakasini oshirib borish lozimligini aytgan edi. Xususan, ularni “mahallabay” va “fuqarobay” tizimi asosida samarali ishlashga o‘rgatish, shuningdek, respublikada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati to‘g‘risida xabardor qilish vazifasi ilgari surilgan. Malaka oshirish kurslarini tashkil etishdan maqsad, mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlashdir.
O‘quv mashg‘ulotlari amaliy va nazariy jihatdan 5 ta modul asosida olib boriladi. Ya’ni tinglovchilar qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, tayanch va sohaviy mutaxassislik bo‘yicha bilimlarini rivojlantirish, davlat fuqarolik xizmatchisi axloqi va madaniyati, umumiy savodxonlik yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.
Malaka oshirish kurslari joriy yilning 31 mayigacha davom etadi. Yakunida tinglovchilardan test sinovi olinib, tegishli sertifikatlar berilishi nazarda tutilgan.
Dovud Abibullayev, O‘zA