Xalqimizga xos mehr-oqibat, ezgulik, xayr-saxovat kabi olijanob fazilatlarni bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan islohatlardan ham ko‘rish mumkin.
Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatimizda adashganlarga ham imkoniyat berilmoqda. Fuqarolarning huquqlari, insoniy qadri tiklanmoqda.
Yaqinda Prezidentimiz Ramazon hayitida xalqimizga xos bag‘rikenglik, insonparvarlik, kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida «Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 100 nafar mahkum afv etildi. Afv etilganlarning 12 nafari chet el fuqarosi, 4 nafari 60 yoshdan oshgan erkaklar, 6 nafari ayol hamda 52 nafari ta’qiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar bo‘ldi.
Ahamiyatlisi, 12 nafar chet ellik shaxsning ham avf etilishi bu borada mamalakatimizda amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning yana bir namunasi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan ushbu shaxslar ommaviy axborat vositalari orqali davlatimiz rahbaridan minnatdorligini bildirdi.
Yuqoridagi farmon nafaqat avf etilganlar balki ularning barcha yaqinlarining ham quvonchiga sababchi bo‘ldi.
Oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytgan ushbu shaxslar, kelgusida foydali mehnat bilan shug‘ullanishi, jamiyatda munosib o‘rin topishi va el koriga yaraydigan insonlar bo‘ladi, degan umiddamiz.
Nurlibay Qayipberganov,
O‘zbekiston «Adolat» SDP
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi
O‘zA