Nukuslik tadbirkor “Ziyada Nur” o‘quv markazi rahbari Ziyada Utenazarova Muqaddas Ramazon oyida xayrli ishga qo‘l o‘rdi.

Mahalladagi “Temir daftar” va “Ayollar daftari” ga kiritilgan, yuz nafarga yaqin ishsiz xotin-qizni tikuvchilik, sartaroshlik va qandolatchilik kurslarida bepul o‘qitdi. Ularning har biri o‘zlari tanlagan yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislardan kasb sirlarini o‘rgandi.

2018 yili tikuvchilik, sartaroshlik, oshpazlik va har xil naqsh solish bo‘yicha ish boshlagan o‘quv kursi bugungi kunda 18 ta yo‘nalish bo‘yicha faoliyat olib bormoqda. Yaqinda markazning yangi binoga ega bo‘lishi faoliyat turlarini kengaytirish va ta’lim sifatini yanada yaxshilash imkonini bermoqda.

– Qo‘limda hunarim bo‘lmaganligidan ish topishda qiynalib kelayotgan edim, – deydi Nukus shahridagi “Boyterak” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Dina Ganiyeva. – Bu yerda mutaxassislardan qisqa vaqtda tikish-bichish sirlarini o‘rgandik. Kelajakda o‘zim ham hunarmandchilik bilan shug‘ullanishni maqsad qilganman.

Muhimi, o‘quv markazi tanlagan kasb sirlarini mohir egallagan xotin-qizlarning kelgusida ish bilan ta’minlanishiga ham yordam beradi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA