Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanida keyingi yillarda tomorqa yerlardan unumli foydalanib, omilkorlik ortidan yaxshi daromad olayotgan xonadonlar soni ortmoqda. Bunda tuman hokimligi tomonidan “mahallabay” tizim asosida aholi sharoiti o‘rganilib, murojaatlar bo‘yicha tegishli yordam ko‘rsatilayotgani muhim omil bo‘lmoqda.

Tumanning “Quyoshli makon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Ziynel Sharopovga murojaati asosida issiqxona tashkil etish uchun “Xalq banki” tomonidan 30 million so‘mlik imtiyozli kredit ajratildi. Hozirda mazkur 3 sotixli issiqxonada bodring va pomidor yetishtirilmoqda.

https://cdn.uza.uz/2021/05/12/10/46/OMi64aEVtv2jzYZRZ89nmRBOnJTCv0ro_front.JPG

– Ishsizligim tufayli mahalla fuqarolar yig‘inining mutasaddi xodimlariga bandlik masalasida yordam so‘rab murojaat qilgan edim, — deydi Ziynel Sharopov. – Ular tomorqada issiqxona tashkil qilishimni maslahat berib, bu borada bankdan imtiyozli kredit olishim uchun zarur ko‘rsatmalar berishdi. Issiqxonaga 700 tubdan ziyod bodring va pomidor ko‘chatlarini ekdim. Ekinlar tomchilatib sug‘orish tizimi asosida oziqlantirilmoqda. Bodringning hosildorligi yaxshi, har kuni bozorga 70-80 kilogramm mahsulot chiqaryapmiz. Yaqin kunlarda pomidor ham pishib yetiladi.

 

Maqsad HABIBULLAEV(surat), O‘zA