Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 12 may kuni makroiqtisodiy vaziyat, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillikdagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda sanoat, qurilish, savdo, umumiy ovqatlanish va xizmatlar sohalarida past quvvat bilan ishlayotgan 30 mingta tadbirkorlik sub’ektining faoliyatini jonlantirish bo‘yicha tegishli mutasaddilar va viloyat hokimlariga topshiriqlar berildi.

– Hamma raqamlarni sizlarga berganmiz (J.Qo‘chqorov, A.Ikromov, viloyat hokimlari), kunduzi kabinetda, kechasi tadbirkorlar bilan joyida uchrashib, videoselektor qilib har biri bilan gaplashasizlar. Tadbirkorlarni “uyg‘otish” kerak, ularning muammosi bor, talabi bor. Agar ular ishlab ketsa tasavvur qiling qancha o‘zgarish bo‘ladi? Qancha-qancha ish joyi, oylik, soliq tushumi bo‘ladi, odamlar rozi bo‘ladi, – dedi Prezident.

Shuning uchun, Xolxo‘jayev, Zohidov, Ikromov, Qudbiyev viloyat hokimlari bilan birga, o‘tgan yili boshlangan tajribani davom ettirgan holda, o‘zlariga biriktirilgan hududlarga chiqib, joriy yil 1 iyulgacha ushbu korxonalarning muammolarini hal qilishga ko‘maklashish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari, tijorat banklari may-iyun oylarida oilaviy tadbirkorlik dasturlariga 1,6 trillion so‘m mablag‘ ajratishi, viloyat, tuman va shahar hokimlari bu orqali kamida 30 ming fuqaroga daromad manbai uchun sharoit yaratish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari may-iyun oylarida hududiy dasturlar doirasida 13 mingta, bo‘sh yer uchastkalarini sotish orqali 5 mingta, Bandlik, Xotin-qizlar va Yoshlar jamg‘armalari hisobidan qo‘shimcha 10 mingta yangi ish o‘rni tashkil etishi lozimligi ta’kidlandi.

Husanov, Ikromov, Rafiqov, Sa’dullayev, Xolxo‘jayev ushbu topshiriqning ijrosiga mas’ul bo‘lishi qayd etildi.

 

O‘zA