bugungi videoselektor yig‘ilishida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash masalasi ham kun tartibidan o‘rin oldi.
Ma’lumki, butun dunyoda aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash kun sayin dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, mamlakatimizning ayrim hududlarida ba’zi turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari kamayishiga yo‘l qo‘yilmoqda.
Misol uchun, tuxum ishlab chiqarish hajmi Toshkent viloyatida – 5 foizga, Sirdaryoda – 4 foizga kamayishi hisobiga ushbu viloyatlarda tuxumning narxi 7 foizga, respublika bo‘yicha esa 3,6 foizga oshgan.
Prezident go‘sht va o‘simlik yog‘ining ham jahon bozoridagi narxlari 1 yildan buyon to‘xtovsiz o‘sayotgani barcha rahbarlarni zarur chora-tadbirlarni ko‘rishga undashi kerakligini qayd etdi.
Tegishli mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birga joriy yilda chorvachilik yo‘nalishida 1 mingta, parrandachilikdagi 277 ta loyihani ishga tushirish hisobiga, 13 ming tonna go‘sht, 608 ming tonna sut, 3 milliard dona tuxum va 14 ming tonna parranda go‘shti yetishtirilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, 1,1 million gektar asosiy maydonlarda, 224 ming gektar bog‘ va tokzorlar oralariga hamda g‘alla va ertagi ekinlardan bo‘shaydigan 873 ming gektarga sabzavot, kartoshka, poliz, sholi, moyli va ozuqa ekinlarini yetishtirishni tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Ichki bozorda aholining yog‘-moy mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida, joriy yilda 246 ming tonna moyli ekinlar yetishtirish, buning hisobiga 86 ming tonna moy ishlab chiqarilishini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
– Umuman, oziq-ovqat bo‘yicha har bir viloyat hokimi bugungi protokolga yozib beradi, uch oylik zaxirasi nima bo‘ladi (go‘sht, tuxum, yog‘, shakar va hokazolar bo‘yicha). Har uch oylik zaxira bo‘lmasa, u viloyat hokimining kabinetga kirishga haqqi yo‘q, odamlar bizdan norozi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zA