Saudiya Arabistoni COVID-19 kasalligining tarqalishini oldini olish maqsadida “maxsus sharoitlarda” haj ziyoratini amalga oshiradi, deb xabar berdi Haj va umra vazirligining vakili.

Al Arabiya News saytining ma’lum qilishicha, Qirollikning sog‘liqni saqlash  organlari umumiy xavfsizlikni ta’minlash uchun  barcha chora-tadbirlarni amalga oshirishmoqda.

O‘tgan yili Qirollik faqat mamlakatda istiqomat qiladigan va ma’lum mezonlarga javob beradigan cheklangan sonli fuqarolariga  islomning beshta arkonidan biri bo‘lgan haj ziyoratini amalga oshirishga ruxsat bergan edi.

Haj va umra vazirining so‘zlariga ko‘ra, ziyoratdan joy egallashga muvaffaq bo‘lganlar  inson aralashuvisiz, avtomatik tizim orqali tanlangan.

Ziyoratga boradiganlar guruhi  Makkaga kelishdan 7 kun oldin uyda o‘zlarini yakkalashlari kerak bo‘lgan. Shundan so‘ng ziyoratchilar belgilangan mehmonxonada  karantinda o‘tirishgan.

Niqob  taqish va ijtimoiy masofani saqlash kabi xavfsizlik qoidalariga amal qilinishini ta’minlash maqsadida har 50 nafar hojilar guruhiga sog‘liqni saqlash  xizmati  rahbari hamrohlik qilgan.