Mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 76 yilligi keng nishonlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu shonli sana munosabati bilan 9 may kuni Olmazor tumanidagi G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi.
Atrof bayramona bezatilgan. Qurolli Kuchlar tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralarning rahbarlar tarkibi saf tortgan.
Davlat rahbari, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni ularni bayram bilan tabrikladi.
Harbiy orkestr ijrosida “Xotirlash kuyi” yangradi.
Prezident “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasiga gulchambar qo‘ydi.
Bu yodgorlik Ikkinchi jahon urushida besh o‘g‘lidan ayrilgan jafokash va matonatli ona – Zulfiya aya Zokirova, uning sadoqatli kelinlari va yetim qolgan nabiralari xotirasiga bag‘ishlab barpo etilgan. U xalqimizning urushdagi yo‘qotishlari, g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasining timsoli sifatida bog‘ markazidan o‘rin olgan. Bu yodgorlikka gul qo‘yish barcha O‘zbekiston onalariga yuksak hurmat-ehtirom ifodasidir.
Qurolli Kuchlar tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralar vakillari ham majmua poyiga gullar qo‘ydi.
G‘alaba bog‘idagi amfiteatrda 9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Ushbu ayyom kunlari bugungi tinch-osoyishta hayotga qanday og‘ir sinov va mashaqqatlar evaziga erishilganini yana bir bor chuqur his etamiz. Bu yo‘lda qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasiga ta’zim qilamiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 20 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida urush qatnashchilari holidan xabar olish, yurt tinchligi va ozodligi yo‘lida jon fido qilgan vatandoshlarimiz xotirasini yod etishdek ezgu maqsadlar ifodasini topgan.
Ushbu hujjatlarga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining har biriga Prezidentimiz tabriknomasi, 12 million so‘m miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti va bayram sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Ularning har birini tibbiy va ijtimoiy himoya qilish maqsadida tegishli xodimlar biriktirilib, doimiy patronaj xizmati ko‘rsatilmoqda. Sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar ajratilmoqda.
Urush qatnashchilari va front orti faxriylari bilan birga mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga ham moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.
Davlatimiz rahbari Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 76 yilligi bilan barcha faxriylarni, butun xalqimizni tabrikladi.
– bugungi shonli sanani biz doimo cheksiz quvonch va cheksiz iztirob bilan nishonlaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng katta, eng mash’um qirg‘indir. Olti yil davom etgan bu urushda o‘sha paytda dunyodagi 73 ta davlatdan 62 tasi, Yer yuzi aholisining 80 foizi ishtirok etgan. Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alaridagi 40 ta davlatni bevosita qamrab olgan qurolli to‘qnashuvlarga 110 million kishi safarbar etilgan va jami 70 million kishi halok bo‘lgan.
Bu urushda qatnashgan, front ortida mashaqqatli mehnat qilgan ota-bobolarimiz va momolarimizning beqiyos mardlik va matonati insoniyat tarixiga buyuk sahifa bo‘lib yozilgan.
– Biz – bugungi minnatdor avlodlar sizlar kabi jasur otalarimiz bilan umrbod faxrlanamiz. Mana shu hayajonli daqiqalarda sizlarning jang maydonlaridagi buyuk qahramonligingiz, urushdan keyin mamlakatni tiklash va rivojlantirish yo‘lida qilgan fidokorona xizmatlaringiz uchun barchamiz bosh egib ta’zim qilamiz. Oradan yana qancha yillar, asrlar o‘tmasin, sizlarning fashizmga qarshi ko‘rsatgan matonatingizni xalqimiz hamisha qalbida, xotirasida saqlaydi, bu jasorat yoshlarimiz uchun abadiy ibrat namunasi bo‘lib qoladi, – dedi Prezident.
1941 yil arafasida respublikamiz aholisi 6 million 800 mingdan ziyod bo‘lgan. Urush boshlanishi bilan, shundan qariyb 2 millioni frontga otlangan. Bu qahramon insonlarning 500 mingdan ziyodi janglarda halok bo‘lgan.
– Biz bu raqamlarni har yili qayta-qayta esga olamiz. Bular shunchaki oddiy raqamlar emas. Ularning zamirida mushtipar onalarimiz, momolarimiz, mard va jasur otalarimiz, butun xalqimiz qalbidagi cheksiz qayg‘u va hasrat mujassam. Bu dardu alamlarni hech qanday raqam, hech qanday so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi, – dedi davlatimiz rahbari.
Urushdan jabr ko‘rgan 1 million 500 mingdan ortiq keksalar, ayollar va bolalar respublikamizga ko‘chirib keltirilgan. Ularning 200 mingdan ziyodi ota-onasidan ayrilgan bolalar edi.
– El-yurtimiz mudhish urush yillarida o‘zining yuksak gumanistik fazilatlarini namoyon etdi. O‘zbekistonga olib kelingan turli millatga mansub ming-minglab insonlarga boshpana berdi, mehr-shafqat, odamiylik ko‘rsatib, eng so‘nggi nonini ham ular bilan baham ko‘rdi. Xalqimizning bunday ulkan jasorati, olijanobligi butun dunyoda hurmat-e’tirofga sazovor bo‘ldi. Va bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Urush fojialaridan saboq chiqarib, tinchlik uchun kurashish bugun har qachongidan ham dolzarb bo‘lib borayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston o‘z strategiyasiga muvofiq, tinchlik va barqarorlik, millatlar va dinlararo totuvlikni asrash, davlat mustaqilligini yanada mustahkamlash yo‘lidan boradi.
Tadbir televideniye orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qilindi. Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi bayram ishtirokchilari, nuroniylar bilan videoaloqa orqali muloqot qildi.
Shavkat Mirziyoyev tadbirga kelgan urush va mehnat faxriylari bilan salomlashib, hol-ahvol so‘radi. Ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tiladi. Keksalar mamlakatimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qildi.
Prezident nuroniylar bilan birga bayramga bag‘ishlangan konsert dasturini tomosha qildi.
– Bayram munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlardan juda ruhlandim, – deydi Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidan kelgan Sa’dullo ota Jabborov. – 102 yoshga kirdim. Yoshligimda ota-onamiz maslahatidan chiqmadim, yaxshi odamlarga yaqin bo‘ldim, ular ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riqlarga amal qildim. Davlatimiz, halqimiz g‘amxo‘rligi bilan bugungi dorilomon kunlarni ko‘rish nasib etdi. Hozir Prezidentimiz yoshlarni ko‘p o‘qishga, ilmli bo‘lishga da’vat qilayapti. Bilimli insonlar hisobiga tinchligimiz mustahkam, hayotimiz farovon bo‘ladi.
– 1924 yilda tug‘ilganman. Bugun G‘alaba bog‘ida 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 76 yilligini quroldoshlarim bilan birga nishonlash nasib etganidan juda xursandman, – deydi Navoiy viloyati Nurota tumanida yashovchi Norboy ota Qozoqov. – Biz eski avlodmiz, yoshligimizda bunday imkoniyatlar bo‘lmagan. Mustaqil O‘zbekistonimiz butun dunyoga tanilayotgani, o‘zbek xalqi muvaffaqiyatlarga erishayotganini ko‘rib, attang o‘n yil keyin dunyoga kelmagan ekanman deyman. Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin! Biz, faxriylarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklardan boshimiz ko‘kka yetmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Shon-sharaf muzeyidagi yangi ekspozitsiya bilan tanishdi.
Muzeyda 12 ming 500 dan ziyod eksponat to‘plangan bo‘lib, ularning soni tobora ortib bormoqda. Tarixiy fakt va voqealar zamonaviy texnologiyalar, interaktiv usullar yordamida aks ettirilgan. Davlatimiz rahbarining avvalgi tashrif chog‘idagi ko‘rsatmalari asosida ekspozitsiyalar yanada boyitilgan. Qurolli Kuchlar tizimidagi vazirlik va idoralar uchun alohida bo‘limlar tashkil etilgan.
– Bu yer xalq muzeyi bo‘lishi kerak. Urushda qatnashgan yoki yetim bolalarni boqib olgan insonlarning avlodlari bilan bog‘lanib, bobolarining jasoratini yuzaga chiqarish zarur. Hali o‘rganilmagan juda ko‘p manbalar bor. Yurtimizdagi har bir qishloq, mahalla, maktab, umuman, jamoatchilik ularni to‘plash va targ‘ib etishda faollik ko‘rsatishi kerak. Bu urush dahshatini anglash, tarixdan saboq chiqarish uchun muhim. Muzey bunda asos, tarix bilan bugungi kun o‘rtasida ko‘prik bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari haqidagi ma’lumotlarning elektron bazasini yaratish, kitoblar chop etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
O‘zA