9 may – Xotira va qadrlash kuni
O‘tganlarni yod etish, ularning ezgu amallarini xotirlash, oila a’zolaridan xabar olish insoniy fazilatlardan biri sanaladi.
9-may – Xotira va qadrlash kuni arafasida bojxona organlarida xizmat qilib, mamlakatimiz sarhadlarida sergak turgan, kontrafakt mahsulotlari, giyohvand vosita va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashgan, davlatimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, bojxona to‘lovlarini to‘laqonli undirish yo‘lida kerak bo‘lsa jonini ham ayamagan marhum bojxonachilar esga olindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari xizmat vazifasini bajarish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan marhum Amangeldi Qdirov, Timur Ordabayev va Ikram Matekeyevning oila a’zolaridan xabar oldi. Marhum bojxonachilar ruhlariga qur’on tilovat qilinib, ularning ezgu amallari yodga olindi.
Bojxona organlarida samarali xizmat qilib, o‘ziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajargan, lekin, afsuski, bugun oramizda bo‘lmagan Yerpolat Yusupov, Bayram Qalmuratov, Yerbol Agatayev, Adilbek Baymuratov boshqarma shaxsiy tarkibi tomonidan xotirlanib, oila a’zolari holidan xabar olindi.
Bu kabi ezgu amallardan ko‘zlangan asosiy maqsad, Vatan himoyachilarini xotirlash, oramizdagi fidoyi insonlar, tinchlikning qadriga yetish, turmush farovonligini ta’minlash uchun ter to‘kib, unumli mehnat qilayotganimizga shukrona aytishdir.
Bu esa har qanday kishini ma’nan rag‘batlantiradi, uni yashashga, yaratishga, elu yurtga sadoqat va qat’iyat bilan xizmat qilishga undaydi.
Zero, xotira muqaddas, inson azizdir.
Dovud Abibullayev,O‘zA