Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 6 may kuni chet tillarni o‘qitish sifatini oshirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda chet tillardagi ko‘rsatuv va eshittirishlarni ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda keng aholi qatlamining nutq va muloqotini rivojlantirishga qaratilgan chet tillaridagi multfilm, hujjatli va badiiy filmlar hamda eshittirishlarni ko‘paytirish ko‘zda tutilgan. Bunga taniqli madaniyat va san’at vakillari, sportchi va blogerlar faol jalb qilinadi.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga uch oy muddatda ko‘rsatuv va eshittirishlar 24 soat davomida to‘liq chet tillarida efirga uzatiladigan yangi tele va radiokanallarni ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berildi. Bunda har kuni kamida 3 soatlik dastur xorijiy tillarni onlayn o‘rgatishga ajratiladi.

Yig‘ilishda xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, joylardagi 128 ta IT-markazlarida yoshlarni chet tillariga “onlayn” o‘rgatish kurslarini yo‘lga qo‘yish zarurligi aytib o‘tildi. Bunda til o‘rganish xarajatlarining bir qismi Yoshlar jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligigiga xorijiy tillarni o‘rgatish yuzasidan mahalliy elektron dasturlarni ishlab chiqish “startap” loyihalari bo‘yicha tanlov e’lon qilish vazifasi qo‘yildi. Bunda tanlov g‘oliblariga kamida 100 million so‘m mablag‘ ajratiladi va kelgusi 5 yil davomida qo‘llab-quvvatlanadi.

 

O‘zA