Bu haqda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ayni paytda chet tillarni o‘rganish sifatini oshirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida alohida ta’kidladi.

Unga ko‘ra, Jahon tillari va Sharqshunoslik universitetlari, Samarqand chet tillari instituti bilan bir qatorda, har bir viloyatda bittadan universitet chet tillari bo‘yicha tayanch oliygoh sifatida belgilanadi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari hududlarda chet tillarini o‘rgatish muhitini shakllantirish, bunga tashkiliy va moliyaviy sharoit yaratishga shaxsan mas’ul bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari chet tilini o‘rgatishning asosiy bo‘g‘ini – maktablarda har bir tuman va shahar kesimida o‘qitish holatini chuqur tahlil qilib, aniq yechimlar topish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda Nurobod tumanidagi 76 ta maktabdan 57 tasida ingliz, 14 tasida nemis va 5 tasida fransuz tili o‘qitilishi ma’lum qilindi. Tumandagi 28 ta (38 foiz) maktabda chet tilini o‘qitish sifati eng past o‘rinda.175 nafar o‘qituvchidan atigi 3 nafari sertifikatga ega, 26 ta o‘qituvchi o‘rni vakant.

Bu yil joriy qilingan imkoniyatlardan foydalanib, Buxoro viloyatidan ingliz tili o‘qituvchilari Murodovlar oilasi tumanga ko‘chib kelib, ish boshlagan. Boshqa hududdan kelib ishlaganlik uchun o‘qituvchilar oilasiga 11 million so‘m bir martalik to‘lov berildi, ish haqiga 100 foiz ustama, yashash joyining ijara puli to‘lanmoqda.

Nurobod tumani hokimi vaziyatni tahlil qilib, mahalliy byudjetning qo‘shimcha daromadi hisobidan 20 ta maktabga 1 milliard so‘m ajratish orqali chet tillarini o‘rgatish sifatini oshirish tashabbusi bilan chiqqan.

Videoselektorda Nurobod tumani hokimi Faxriddin Zoirov tumanda joriy etiladigan tashabbus haqida axborot berdi.

 

O‘zA