Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 6 may kuni chet tillarni o‘qitish sifatini oshirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektorda xorijiy tillarni o‘qituvchi pedagoglarning aksariyati malaka sertifikatlariga ega emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qayd etilishicha, maktablarda ishlayotgan jami 53 ming chet tili o‘qituvchilarining atigi 4 foizi milliy va xalqaro til bilish to‘g‘risidagi sertifikatlarga ega.

Misol uchun, 18 ta tuman va shaharda, jumladan, Xonobod va Quvasoy shaharlari, Zafarobod, Mirishkor, To‘rtko‘l, Sherobod va Uzunda birorta o‘qituvchi sertifikat olmagan. Shuningdek, jami 11 ming nafar maktab chet tili o‘qituvchilarining 49 foizi testdan o‘ta olmagan. Bu Qashqadaryoda – 55 foiz, Jizzaxda – 53 foiz, Samarqand, Sirdaryo va Surxondaryoda – 52 foiz.

Shu bois, Prezident mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti-soati kelganini ta’kidladi.Buning uchun, birinchidan, Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etiladi.

Agentlik, eng avvalo, dunyoda samarali natija bergan o‘qitish metodikalari, dastur va darsliklarini bog‘cha, maktab, litsey, oliygoh va o‘quv markazlarida joriy etib, xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishga ko‘maklashadi.

Bunda, ta’lim muassasalari, tarmoqlar va hududlarning ehtiyojidan kelib chiqib, kamida 10 ta chet tilini (ingliz, rus, nemis, fransuz, xitoy, koreys, yapon, turk, arab, fors) o‘rgatishni tashkillashtiradi.

Shuningdek, bolalikdan xorijiy tillarni puxta o‘rganish ko‘nikmalarini shakllantiradigan ommabop kontentlarni ishlab chiqadi.

Bundan tashqari, Agentlik vazirlik, idora va boshqa ish beruvchilar bilan birga, xizmatchilarning kasb faoliyatini xorijiy tillarda to‘liq amalga oshirish imkoniyatini beradigan metodikalarni ishlab chiqib, sharoitga moslagan holda, amaliyotga joriy etadi.

Shu bilan birga, davlat tilidan xorijiy tillarga va aksincha bir necha xorijiy tillardan davlat tiliga professional tarjima qilish metodikalarini yaratish ham Agentlikning asosiy vazifalaridan biri bo‘ladi.

Agentlik maktablar, oliygohlar, tuman, shahar va viloyatlar, tarmoq va davlat idoralarida xorijiy tillarni bilish reytingini ham yuritadi. Chet tili o‘qituvchilari uchun malaka talablari va baholash mezonlarini ishlab chiqadi hamda malaka toifalarini beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, Agentlik “bog‘cha – maktab – oliygoh – korxona” uzluksiz zanjiri orqali, aholining barcha qatlamiga mos bo‘lgan til o‘rganish metodika, tavsiya va darsliklarini ishlab chiqishni tashkil etadi hamda ularning amalga oshirilishiga ko‘maklashadi.

 

O‘zA