9 may – Xotira va qadrlash kuni

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi rahbariyati tashabbusi bilan bir guruh rassomlar tomonidan muborak Ramazon oyi hamda 9-may Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Ajdodlarni xotirlash-muqaddas qadriyat” shiori ostida xayriya hashari tashkillashtirildi.

Nukus shahridagi “Salmen ota”, “Sho‘rsha bobo” va rus qabristonlarida san’at va madaniyat sohasida faoliyat yuritib, o‘lmas asarlar qoldirgan qoraqalpog‘istonlik rassomlar F.Madgazin, I.Savitskiy, B.Nurumbetov, J.Izentayev, I.Alibekov, M.Kudaybergenov, B.Tanirbergenov, M.Berdimbetov kulol T.Saipovning qabrlari ham bo‘lib, ularning qabrtoshlari atrofida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, qaytadan ta’mirlash kabi ezgu ishlar amalga oshirildi.

– Ezgu amallar zamirida ajdodlar ruhini yod etish va qadrlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish va savobli ishlarni yoshlar orasida keng targ‘ib etishga undash kabi g‘oyalar mujassam, – deydi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi Ulbosin Utegenova. – Shuningdek xayriya tadbirlari yosh avlodda insoniylik fazilatlarini shakllantirishda ham muhim ahamiyatga ega.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA