Mamlakatimizda suv taqchilligining oldini olish, mavjud suv manbalaridan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Shunga qaramasdan bugungi kunda suvdan ruxsatsiz o‘zboshimchalik bilan foydalanish holatlari uchramoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi Beruniy tumani bo‘limi boshlig‘i Umidjon Qalandarov.

– Jumladan, Beruniy tuman Beruniy ovuli fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro Qozoqboy Kuchqarov suvdan ruxsatsiz foydalanib, 0,3 ga tomorqa yer maydonini bostirib sug‘organ. Natijada, suv iste’moli qoidalariga rioya qilmaganligi yuzasidan inspeksiyaning Beruniy tuman bo‘limi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 74-moddasi 2-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari miqdorida ya’ni 245 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, o‘zboshimchalik bilan foydalangan suviga 88 200 so‘m jarima sanksiya qo‘llanildi.

Bundan tashqari, ushbu hududda yashovchi fuqaro Bozorboy Matsaitov suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘ygan. U 0.5 ga tomorqa yer maydonini bostirib sug‘orib, suv iste’moli qoidalariga rioya qilmagan. Ushbu fuqaroga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 74-moddasi 2-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari miqdorida, ya’ni 245 000 so‘m jarima jazosi tayinlanib, o‘zboshimchalik bilan foydalangan suviga 147 000 so‘m jarima sanksiya qo‘llanildi.

 

Dovud Abibullayev,O‘zA