Mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida Peshku tumani hokimining hududda mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha hisobotidan so‘ng qurilish materiallari klasterlariga mablag‘i, jalb etiladigan investitsiyalari, infratuzilmasi hal qilib berilishi aytildi.
Yig‘ilishda mazkur masala bo‘yicha Buxoro viloyati hokimining ham hisoboti eshitildi.
Prezidentimiz joylarda mahalliy sanoat rivojlanmayotgani, bunga sabab hududlardagi resurslar zaxiralari va aholining talab-ehtiyoji o‘rganilmayotgani qayd etildi. Natijada ko‘plab iste’mol tovarlari mavjud zaxiralar, yetarli ishchi kuchi va infratuzilma bo‘laturib, chetdan keltirilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Videoselektorda 24 ta tumanni qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.Bunda, qurilish materiallari klasterlarini, avvalo, yirik korxonalar va mavjud infratuzilmaga yaqin hududlarda joylashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Misol uchun, Chust, Forish, Qorovulbozor, Sherobod tumanlaridagi sement zavodlari, O‘zbekiston tumanidagi noruda konlari infratuzilmasidan foydalanib, bunday klasterlarni tashkil etish kerakligi aytildi.
Ushbu 24 ta tumanda infratuzilmani yaxshilash uchun byudjetdan qo‘shimcha 400 milliard so‘m, geologiya ishlarini amalga oshirishga 100 milliard so‘m ajratiladi.
Yig‘ilishda bir oy muddatda viloyat hokimlarining aniq takliflari asosida bu mablag‘larni taqsimlash va infratuzilma barpo etish ishlarini boshlash, ayni paytda joriy yilda amalga oshiriladigan loyihalarni shakllantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.