Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bugungi kunda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida Orolbo‘yida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining eng chekka Taxtako‘pir tumanida bugungi kunda 39,4 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, shundan 22,5 ming nafari, ya’ni 57,2 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Shuningdek 16,9 ming nafar aholiga muqobil suv manbalaridan maxsus texnikalar yordamida ichimlik suvi yetkazib beriladi.

O‘tgan 2020 yilda investitsiya dasturiga muvofiq, byudjet mablag‘i asosida umumiy qiymati 7,3 milliard so‘mlik 26,1 kilometr suv tarmog‘ini qurish va rekonstruksiyalash, suv qurilmasida markaziy laboratoriya inshootini rekonstruksiyalash ishlari olib borildi. Bundan tashqari, “Ichimlik va oqova suv tizimini rivojlantirish” jamg‘armasi mablag‘i hisobidan “Taxtako‘pir” suv taqsimlash qurilmasida umumiy qiymati 1,2 milliard so‘mlik, Orolbo‘yi hududini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1,2 milliard so‘mlik rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

– “Taxtako‘pir” suv taqsimlash qurilmasi rekonstruksiya qilinishi aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlarining yaxshilanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi tuman suv ta’minoti filiali mutaxassisi Jalg‘as Pirnazarov. Avvallari ushbu suv taqsimlash qurilmasi avariyalik holatda edi. O‘tgan yilning o‘zida tuman markazidagi “Mustaqillik” va “Davr” mahalla fuqarolar yig‘inida 6,7 kilometr, “Taxtako‘pir” ovul fuqarolar yig‘ini “Pishentov” aholi punktiga 5,2 kilometr uzunlikdagi suv tarmog‘i tortib berildi. Shuningdek, Taxtako‘pir va “Janadaryo” ovul fuqarolar yig‘inlarida 11,8 kilometr uzunlikdagi suv tarmog‘i hamda ikkita suvni chuchuklantirish stansiyasida rekonstruksiya ishlari olib borildi.

Tuman markazidan 150 kilometr uzoqda joylashgan «Qostruba» mahalla kengashi fuqarolar yig‘ini aholisiga BMT Taraqqiyot Dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi, O‘zbekiston hukumati hamda Kanadaning mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi moliyalashtiruvidagi “O‘zbekistonning qurg‘oqchil tumanlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlimiy barqarorligini ta’minlash» qo‘shma loyihasi doirasida joriy yilning fevral oyida soatiga 500 litr suvni qayta ishlab chiqaradigan uskuna o‘rnatib berildi.

Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv ob’ektlarini davlat tomonidan tartibga solish, boshqarish va ekspluatatsiya qilish tizimini takomillashtirishda davlatimiz rahbarining 2020 yil 25 sentyabrdagi “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish hamda sohadagi investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu farmon ijrosini ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan 2021 — 2025 yillarga mo‘ljallangan tuman markazlari kesimida ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini kompleks rivojlantirish dasturi doirasida tumanda kelgusi yilda bitta suvni chuchuklantirish uskunasining o‘rnatilishi natijasida qo‘shimcha 600 nafardan ziyod aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining moliyaviy resurslari hisobidan 2021 — 2025 yillarda umumiy qiymati 4,7 million AQSH dollari evaziga uzunligi 33,9 kilometr ichimlik suvi tarmog‘ida, bitta suv qurilmasida ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, kredit hisobidan 6,1 million AQSH dollarlik 25,3 kilometr oqova suv tarmog‘ini va 7 dona oqova suv qurilmasini foydalanishga topshirish nazarda tutilgan.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 81,5, oqova suv xizmati bilan ta’minlanganlik 53,7 foizga yetkaziladi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev(surat), O‘zA