Xotira va qadrlash kuni oldidan
Ikkinchi jahon urushi butun insoniyatga qayg‘u va musibatlar keltirishi bilan qalblarda og‘ir va o‘chmas iz qoldirdi. Millionlab insonlarning yostig‘ini quritgan o‘sha dahshatli urushda yurtdoshlarimiz ham tinchlik va yorqin kelajak uchun mardonavor kurash olib bordi, jang maydonlarida qurbon bo‘ldi, yaralandi, mayib-majruh bo‘lib qaytdi.
Bugun yuzinchi bahorini qarshi olib, el ardog‘ida bo‘lgan qo‘ng‘irotlik Kudaybergen ota Kojametov 1942 yilning iyun oyida minglab yurtdoshlarimiz qatori frontga jo‘nab ketdi. 42-gvardiya o‘qchilar polki tarkibida o‘sha yilning dekabr oyida fashistlarga qarshi kurashda og‘ir jarohat olgan Kudaybergen ota boshqa frontga qayta olmaydi.
Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga xabar berdi.
Birinchi guruh nogironi Kudaybergen ota shu yil yuz yoshni qarshi oldi. bugungi kunlarga yetkazganiga, yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikka shukronalar keltirishdan tolmaydi.
Harbiylarning kelishiga urush qatnashchisi o‘zgacha bir tadbir sifatida qaraydi. Uydagilarga ko‘ksini orden va medallar to‘ldirib turgan kostyumini hozirlab qo‘yishni, hovli saranjom-sarishtaligiga e’tibor qaratishni, tartib bo‘lishini uqtiradi. Otaning nazarida harbiylar tartib-intizomga o‘rganib qolgani bois, ularni o‘zgacha tarzda qarshi olish kerak.
Yoshlarning kelishi ham otaga xushkayfiyat bag‘ishlaydi. Ularga qarab Kudaybergen ota yoshligini esga oladi, bekorga jangovar do‘stlari bilan urushda yorqin kelajak uchun kurashmaganiga, yurtimiz kelajagi ishonchli qo‘llarda ekaniga yana bir bor amin bo‘ladi.
Mehmonlar tashrifidan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilgan otaxon o‘sha og‘ir davrlarni yodga oladi. Urushda ko‘rgan-kechirganlarini yosh avlod vakillariga so‘zlab beradi. bugungi kunimizga, yurtimizda kechayotgan osoyishtalikka shukur qilib yashashga da’vat etadi.
Mazmunli suhbatlar badiiy kechalarga aylanadi. Yoshlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, o‘qib berilgan she’riy misralar otaning bahri diliga orom bag‘ishlab, qalbini ajib bir tuyg‘ularga to‘ldiradi.
Bu safargi uchrashuv ham ana shunday iliq taassurotlar bilan kechdi. Mehmonlar bugungi dorilomon kunlar, tinchlik va osoyishtaligimiz uchun Kudaybergen otaga minnatdorligini izhor qildi.
(Z.Jonibekov)