O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining tashabbusi bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida joriy yildan an’anaviy o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan mudofaa vazirining kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi qisqa vaqt ichida mamlakat yoshlari orasida ommalashib, katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Uch bosqichda o‘tkazilishi belgilangan musobaqaning ikki bosqichida g‘alaba qozongan 14 ta jamoa yaqin kunlarda bellashuvning bosh sovrini – mudofaa vaziri kubogi uchun o‘zaro kuch sinashadi.
Nukus garnizonidagi harbiy qismlar negizida o‘tkazilgan musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida 17 ta shahar va tumanlardan eng sara jamoalar o‘rtasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Kegeyli tumanidagi 41-maktab o‘quvchilari Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining ko‘rsatmasiga asosan harbiy qismlardan birida 10 kunlik tayyorlov bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga xabar berdi.
Harbiycha musobaqaga, harbiycha hayot tarziga moslashib, mahoratli ofitser va serjantlar ko‘magida hozirlik ko‘rgan yigit-qizlar harbiy okrug qo‘mondonligi, tuman hokimligi hamda xalq ta’limi bo‘limi tomonidan tantanali, dala va sport ust-bosh kiyimlari, etik va boshqa oyoq kiyimlari bilan ta’minlandi.
Toshkent harbiy okruginig dala-o‘quv maydonida o‘tkaziladigan musobaqaning final boqichiga ketishidan oldin harbiy okrug tomonidan yoshlarga bir kunlik kaloriyalarga boy bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat payok berildi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov musobaqaning respublika bosqichiga yo‘l olayotgan yoshlarga ruhiy madad berib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasiga ulkan zafarlar yor bo‘lishini tiladi. Mudofaa vaziri kubogini, albatta, Qoraqalpog‘istonga olib kelishlariga yuksak ishonch bildirdi.
Qisqa vaqt davomida harbiy okrugda tayyorgarlikdan o‘tgan yoshlar TOZ-8 miltig‘idan merganlik mahoratini oshirib, harbiylashgan estafeta, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, saf qo‘shiqlarini aytish hamda “Temur tuzuklari”dan bilim va ko‘nikmalarini oshirishga ulgurdi.
Kecha yoshlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i hamda mas’ul ofitser boshchiligida Nukus temir yo‘l vokzali orqali Toshkent shahriga jo‘nab ketdi.